Toshkent viloyatida farg`onalik fuqaro tanishi bilan birgalikda 3 yoshli o`g`lini 4000 dollarga sotmoqchi bo`ldi. Bolaning otasi "xotini bolani uyidan aldab olib chiqib ketganligini" aytgan.
24 yanvar kuni Nurafshonda 3 yoshli bolani sotmoqchi bo`lgan ushbu ikki ayol qo`lga olingan.
Tergov ma`lumotlariga ko`ra, Qo`qon shahrida tug`ilgan (Farg`ona viloyati) Malika Qurbonova (1980 yilda tug`ilgan, ismi o`zgartirilgan), tanishi Zaynab Xolova (1978 yilda tug`ilgan, ismi o`zgartirilgan) bilan birgalikda Nurafshonga o`z o`g`li A.A.ni sotish uchun olib kelgan. Xaridorga bolani 4000 dollarga "pullash" reja qilingan edi.
Ayollar Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) bilan ayblanib, ularga nisbatan dastlabki tergov davom etmoqda.
Tibbiy ko`rikdan so`ng bola otasi huzuriga qaytarildi. Otaning so`zlariga ko`ra, "xotin bolani uyidan aldab olib chiqib ketgan, u bundan bexabar bo`lgan".






