Davlat bojxona qo`mitasi Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo`limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo`shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida o`tkazilgan tezkor tadbirda yirik miqdordagi qimmatbaho toshlar va qadimiy tilla tangalarni O`zbekiston Respublikasi hududiga noqonuniy ravishda olib kirish va sotish faoliyati bilan shug`ullanib kelayotgan jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqda qo`mita matbuot xizmati xabar berdi.
Tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan 5 nafar fuqarolar Chilonzor tumanidagi xonadonlardan birida muqaddam Afg`onistondan olib kelingan 2 kg. 531 gr. og`irlikdagi “zumrad” qimmatbaho toshlarini 500 ming AQSh dollariga, shuningdek, 8 gr. og`irlikdagi 1 dona qadimiy tilla tangani 10 ming AQSh dollariga sotishayotgan vaqtida to`xtatib qolindi.
Dastlabki o`rganishlarga ko`ra, mazkur holatda noqonuniy oldi-sotdidan to`xtatib qolingan tilla tanga eramizning III asriga mansub bo`lib, Kushon davlatida zarb qilingan.
Shuningdek, ushbu shaxslardan birining hamyonida 3 dona “olmos” toshlari borligi ham aniqlandi.
Hisob-kitoblarga ko`ra mazkur holatda olib qo`yilgan qimmatbaho toshlar va qadimiy tilla tanganing umumiy qiymati jami 16 mlrd. 818 mln. so`mni tashkil qildi.
Hozirda mazkur holat bo`yicha jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.