Tegishli qaror va dasturlarga asosan, Ustyurt regionidagi “Quyi Surgil” konidagi 14-sonli quduqda 3800 metr chuqurlikda burg`ilash boshlangan bo`lib, ushbu kondagi quduqning 3700 metr va undan ortiq chuqurligidan olingan yangi geologik ma`lumotlarni tahlil qilish jarayonida, “O`zbekneftgaz” AJ mutaxassislari tomonidan ushbu maydonning quyi Yura yotqiziqlarida ilgari ma`lum bo`lmagan, yangi tabiiy gaz qatlamlari aniqlangan.
“Quyi Surgil” koni hududida aniqlangan yangi qatlamlarning istiqbollarini baholash maqsadida, soha mutaxassislarini jalb etgan holda, ushbu quduqni 4300 metr chuqurlikkacha burg`ilashga qaror qilingan. Burg`ilanayotgan quduqni chuqurlashtirish yo`li bilan yangi geologik ma`lumotlar olinishini ta`minlash, kondagi yangi qatlamlarning neft-gazlilik istiqbollarini o`rganish va unda geologiya-qidiruv jarayonlaridagi ishlarning ham vazifalarini bajarish orqali ushbu maqsadlarga yo`naltiriladigan moliyaviy mablag`larni iqtisod qilish vazifalari ham yuklatildi. Belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida, “Quyi Surgil” konidagi 14-quduq 4300 metrga samarali burg`ilandi va 3700 – 4300 metr oraliqda yangi aniqlangan istiqbolli qatlamlarni sinash ishlari amalga oshirildi.
Sinov ishlari natijasida quduqdan sanoat miqyosidagi tabiiy gaz va gaz kondensati mahsulotlari olishga erishildi. Dastlabki tezkor ma`lumotlarga asosan, olingan mahsulotlarning hajmi sutkasiga 900 ming kub metrdan ortiq tabiiy gaz va 20 tonnaga yaqin gaz kondensatini tashkil qiladi.
Hozirda quduqda yangi tabiiy gaz uyumlarining bosimlarini va kon-geologik parametrlarini aniqlash hamda uning sanoat miqyosida ishlab chiqarish quvvatlarini baholash maqsadida, geologik-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. “Quyi Surgil” konining ostki chuqur qismida tabiiy gaz zaxiralariga ega bo`lgan yangi qatlamlarning aniqlanishi “O`zbekneftgaz” AJ mutaxassislari uchun geologiya-qidiruv va konlarni o`zlashtirish borasidagi yangi yo`nalishlarni ochib berishi bilan bir qatorda, Ustyurt regioni bo`yicha tabiiy gaz va gaz kondensati zaxiralarini o`stirishga ham zamin yaratdi.
Ushbu yangi yo`nalish Ustyurt hududidagi konlarni ishlatish borasida amalga oshirilgan tadbirlarning iqtisodiy jihatdan samarador ekanligini tasdiqlash bilan bir qatorda, regionda olib borilayotgan geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish, yangi konlarni ochish hamda uglevodorod zaxiralarini o`stirish borasidagi barcha rejalarni yangi yo`nalishga muvofiq holda olib borish uchun poydevor vazifasini bajaradi.