Internet tarmog`ida Uchtepa tumani IIO FMB binosi tasvirga tushirilgan video tarqaldi. Videoda sharh berayotgan yigit mazkur IIO FMB xodimlari “bir fuqaroni va uning avtomashinasini ushlashganligini, lekin ushlash sabablari noma`lum ekanligini” bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan ma`lumot bergan Toshkent shahar IIBB ko`ra, 29 yanvar kuni taxminan soat 15.50 larda Uchtepa tumani IIO FMB navbatchilik qismiga 23 yoshli Amriddin N. tan jarohatlari bilan kasalxonaga keltirilganligi haqida xabar kelib tushgan.
Suhbat jarayonida Amriddin N. shu kuni taxminan soat 02.30 larda Uchtepa tumanidagi Farhod ko`chasida o`zining boshqaruvidagi “Neksiya-2” rusumli avtomobilida ketayotganida “Neksiya-1” rusumli avtomobil haydovchisi bilan “yo`l talashish” oqibatida o`zaro nizo kelib chiqqanligini, janjal natijasida “Neksiya-1” haydovchisi 26 yoshli Oybek K. o`zining avtomobili salonidan pichoq olib, Amriddinga tan jarohati etkazganligini va hodisa joyidan yashiringanligini ma`lum qilgan.
Tezkor tadbir natijasida Oybek K. ushlangan va unga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “v” bandi (“Bezorilik”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Uning boshqaruvidagi “Neksiya-1” rusumli avtomobil ayrim tergov harakatlarini o`tkazish uchun Uchtepa tumani IIO FMB binosiga joylashtirilgan.






