Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida ichki ishlar xodimi kiyimini kiyib raqs tushgan yigit va uni videotasvirga olgan voyaga etmagan bola qo`lga olindi. Bu haqda “Zamon.uz” xabar berdi.
Mirzaobod tumanining “Bog`iston” mahallasida joylashgan avtomobillarni yuvish shoxobchasida ishchi bo`lib ishlab kelgan 1995 yilda tug`ilgan Hasan Do`stov ichki ishlar xodimlarining xizmat kiyimini kiyib jamoat joyida yurish-turish va odob axloq qoidasini buzgan xolda tanishi, voyaga etmagan Diyorbek bilan nojo`ya xatti-harakatlarni tasvirga olib, uni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborgan.
Ushbu fuqarolarning shaxsi aniqlanib holat yuzasidan Hasan Do`stovga Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 183-moddasi (mayda bezorilik) hamda 209-1-moddasi (xizmat kiyimini ruxsasiz belgilanmagan tartibda kiyish) bilan ayblov e`lon qilindi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Mirzaobod tumani sudida o`tgan ochiq sud majlisida ayblanuvchilarning ning xatti-harakatiga qonuniy baho berildi. Sud hukmiga ko`ra Hasan Do`stov Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning tegishli moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, ushbu kodeksning 34-moddasiga asosan unga 8 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Uning sherigi Diyorbekning ishi Mirzaobod tumani hokimligi huzuridagi voyaga etmaganlar bilan ishlash komissiyasida ko`rib chiqiladigan bo`ldi.