O`tgan davr mobaynida ayrim qarzdorligi yuqori bo`lgan korxonalar soliq to`lamaslik uchun bir hududdan boshqa hududga ko`chish, pochta manzilini noto`g`ri ko`rsatish holatlari kuzatilgan.Bu haqda Adliya vazirligi Davlat xizmatlari agentligi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, ayrim davlat idoralari tadbirkorlik sub`ektini boshqa hududga ko`chirish maqsadida tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatiga asossiz aralashish holatlari ham mavjud bo`lgan. Masalan, katta qarzdorligi mavjud korxona boshqa hududga ko`chib o`tishi, o`sha tumanning iqtisodiyotiga katta salbiy ta`sir ko`rsatadi.
Mazkur holatlarni oldini olish uchun Hukumat tomonidan qonunchilikka tegishli o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi.
Natijada, 2021 yil 2 martdan boshlab yuridik shaxsning manzilini o`zgartirish bilan bog`liq qayta ro`yxatdan o`tkazishda:
yuridik shaxsning bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan ortiq soliq qarzi mavjudligi;
- amalga oshirilgan tovar aylanma yoxud tovarlar importi bo`yicha realizasiya hajmining soliq hisobotlarida to`liq aks ettirilmaganligi;
- soliq hisobotlarini belgilangan muddatlarda topshirmaganligi tadbirkorlik sub`ekti hisoblangan yuridik shaxslarning ta`sis hujjatlarini qayta ro`yxatdan o`tkazishni rad etish uchun asos bo`ladi.
Ushbu jarayon maxsus avtomatlashtirilgan tizimining Davlat soliq qo`mitasiga integrasiya qilingan holda avtomatik ravishda amalga oshiriladi.
Ushbu jarayonning avtomatlashtirilishi – biznes faoliyatiga asossiz aralashish holatlarini aniqlash, har bir qarzdorligi oshib borayotgan korxonalarni boshqa hududlarga ko`chib borishini oldini olish hamda tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatida mas`uliyat hissi oshishiga xizmat qiladi.