AsosiyJamiyat

Imom Buxoriy majmuasi rekonstruksiya qilinadi. Majmuada nimalar o`zgaradi?

'Imom Buxoriy majmuasi rekonstruksiya qilinadi. Majmuada nimalar o`zgaradi?'ning rasmi

Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi rekonstruksiya qilinib, 8 ming o`rinli masjid quriladi. Majmua atrofida to`rtta ulkan minora qad rostlaydi. Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi ma`lum qildi.

Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoev 11 fevral kuni Samarqandning turizm salohiyatini, shu jumladan, ziyorat turizmini rivojlantirish bo`yicha loyihalar bilan tanishgan. Mazkur taqdimot chog`ida islom olamidagi eng muqaddas qadamjolardan biri — Imom Buxoriy majmuasi va uning atrofida amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari haqida ma`lumot berilgan. Davlat rahbari ushbu ziyoratgohda olib borilishi rejalashtirilgan loyiha bo`yicha yana bir bor o`z tavsiyalarini bildirib, mutasaddilarga zarur topshiriqlar bergan.

Shundan so`ng, 13 fevral kuni Imom Buxoriy majmuasida Musulmonlari idorasi, mutasaddi vazirlik va idoralar mas`ullari, Samarqand viloyati jamoatchiligi vakillari va oqsoqollar ishtirokida loyihani amalga oshirish oldidan tadbir o`tkazilgan. Qur`on tilovat qilinib, qurbonlik amalga oshirilgan. Xususan, loyiha yuzasidan jamoatchilikka batafsil ma`lumot berilgan.

Ta`kidlanishicha, majmuadagi qurilish-obodonlashtirish ishlari jarayonida Imom Buxoriy maqbarasi hozirgi ko`rinishi saqlangan holda rekonstruksiya qilinadi. Shu paytgacha maqbara ostidagi qabrni ziyorat qilish uchun etarli sharoit mavjud bo`lmagan. Yangi loyihada qabr atrofini kengaytirib ziyoratchilar uchun har tomonlama qulaylik yaratish ko`zda tutilgan.

Shuningdek, sakkiz ming o`rinli muhtasham masjid quriladi. Majmua atrofida to`rtta ulkan minora qad rostlaydi. Hozirgi ayvonlarga qo`shimcha ravishda ichki va tashqi ayvonlar barpo etiladi. Mahalliy va xorijlik ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy mehmonxonalar, xalqaro andazalarga to`la mos keladigan maishiy xizmat va sanitariya-gigiena shoxobchalari quriladi.

«Yana bir e`tiborli tomoni, majmuada qurilish-bunyodkorlik ishlari jarayonida bu erdagi tarixiy buloq va bir necha yuz yillik chinor daraxtlariga ziyon etkazilmaydi. Ularni asrab-avaylash, o`z holida saqlash uchun barcha zarur choralar ko`riladi», deyiladi xabarda.

Ma`lumot o`rnida, majmuada amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik ishlari maxsus tashkil etilgan jamg`arma mablag`lari hisobidan tashkil etiladi.

Avvalroq O`zbekistonda «Imom Buxoriy» ziyorat turizmi yo`ldosh telekanali tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, O`zbekistonliklardan ham ichki sayohat paytida turistik yig`im undiriladigan bo`lishi ma`lum qilingan.

    Boshqa yangiliklar