“Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga yordam berish, har tomonlama qo`llab-quvvatlash, nogiron bolalarni sog`lomlashtirish hamda sog`lom avlodni tarbiyalash bo`yicha bir qator loyihalarini amalga oshirmoqda.
Ushbu loyihalar doirasida 17 fevral kuni Toshkent Xalqaro Aeroportidan 11 nafar bemor bolalar Germaniya klinikalarida davolanish uchun fondning vakili hamroxligida Germaniyaga jo`nab ketadi.
2002 yilda “Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti birgalikda uch tomonlama hamkorlik bitimi imzolangan edi.
Hamkorlik doirasida 12 yoshgacha bo`lgan bemor va nogiron bolalarni davolash va reabilitasiya qilish bilan shug`ullaniladi. 2002-2016 yillar davomida 300 nafardan ortiq O`zbekistonlik bemor bolalar terining kuyish asoratlari, tug`ma qo`l-oyoq bo`g`imlari va boshqa tashxislar bilan Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolanishdi.
Ushbu xalqaro tashkilotning grant mablag`i hisobiga 2015 yil davomida respublika bo`yicha jami 166 nafar tug`ma lab tanglay nuqsoni bo`lgan nogiron bolalarda 25448,8 ming so`m mablag` doirasida jarrohlik operasiyalari o`tkazildi.
Shu bilan bir qatorda “Chiroyli oyoqchalar” loyihasi doirasida tug`ma oyoq nuqsoni (maymoqlik) va “Qiyshiq bo`yin” tashxisi bilan 15 yoshgacha bo`lgan bolalarni operasiya qilish maqsadida 2015 yil davomida 226 nafar bemor bolalar operasiya qilindi va jami xarajat 30475,0 ming so`mni tashkil etdi.
21 fevral kuni Germaniya Respublikasidan avvalroq sog`lomlashtirishga yuborilgan 13 nafar bola yurtimizga qaytib keladi.





