15 fevral kuni erta tongda Toshkent shahri va Toshkent viloyati ziyoratchilaridan iborat dastlabki guruhlar umra ibodatini ado etish uchun Saudiya Arabistoniga jo`nab ketdi. Bu haqda O`zbekiston musulmonlari idorasi xalqaro aloqalar bo`limi xabar bermoqda.
«Umra-2016» bahor mavsumi davomida 5500 nafar fuqarolarning umra ziyoratiga borishi rejalashtirilgan.
Bu mavsum davomida ziyoratchilarga Saudiya Arabistonida 8 nafar ishchi guruh, 8 nafar oshpaz va 27 nafar shifokorlar guruhi xizmat ko`rsatadi.
O`n kunlik umra safari davomida o`zbekistonlik ziyoratchilarning Madina shahrida 3 kun bo`lib, «Nur Mavadda» mehmonxonasida istiqomat qilishlari rejalashtirilgan. Makka shahrida esa «Namaa Mavadda» mehmonxonasi ziyoratchilarni kutib olishga shay holatga keltirilgan bo`lib, umrachilar u erda 7 kun davomida bo`lishadi.
O`zbekiston musulmonlari idorasi va «O`zbekiston havo yo`llari» MAK o`rtasidagi kelishuvga ko`ra, «Umra-2016» bahor mavsumi ziyoratchilarini kuzatish 15 fevraldan 26 martga qadar davom etadi.





