AsosiyJamiyat

Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo`l liniyasi qurilishi yakuniga etmoqda

“O`zbekiston temir yo`llari” AJ tomonidan amalga oshirilgan Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo`l liniyasi qurilishi ishlari o`z nihoyasiga etmoqda.

Yurtboshimizning 2013 yil 18 iyundagi “Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo`l liniyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilingan edi. 

O`tgan qisqa davr mobaynida ushbu qaror asosida temiryo`lchilar uzunligi 123,1 kilometr bo`lgan noyob qurilishda hamda loyiha doirasida qurilayotgan uzunligi 19,1 kilometrni tashkil etuvchi tunnelda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdilar, deya xabar beradi Kompaniya Axborot xizmati. 

Buning natijasi o`laroq, murakkabligi bo`yicha dunyo miqyosida birinchi 8 talikdan joy olgan ushbu loyihaning tunneldan tashqari 104 kilometrida barcha qurilish, ishlari to`liq tugatildi va 2015 yil avgust oyining oxirida ishchi poezdlar harakati yo`lga qo`yildi. Ushbu ulkan temir yo`l qurilishida 43 million kubometr tuproq ishlari hamda 16,3 million kubometr burg`ulash portlatish ishlari bajarildi. Loyiha asosida 285 ta sun`iy inshoot va cuv o`tkazish quvurlari, 4 ta temir yo`l stansiyasi, 4 ta raz`ezd va 2 ta vokzal qurib bitkazildi.

Yangi temir yo`l qurilishi loyihasi bo`yicha umumiy uzunligi 2 ming 100 metrdan ziyod bo`lgan ko`priklar bunyod etildi. Bundan tashqari, umumiy uzunligi 151 metrlik 3 ta ko`prik rekonstruksiya qilindi.

Mazkur hududda qurilgan ko`priklar nafaqat quruqlik yoki tekis joyda, balki, murakkab sharoitlarda, baland tog` qoyalari orasida bunyod etilgani yurtimiz ko`priksozlarining yuksak tajribaga egaligini yana bir bor isbotladi. 

Eng muhimi, ushbu ko`priklarning ustunlari orasiga qo`yilgan, har birining og`irligi qariyb 100 tonnani tashkil etuvchi temirbeton balkalari ham aynan “O`zbekiston temir yo`llari” AJga qarashli “Ko`prikqurilish” tresti unitar korxonasida tayyorlanganligi e`tiborga molikdir.

    Boshqa yangiliklar