Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudining 2019 yil 28 oktyabrdagi hukmiga ko`ra, 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan mahkum apellyasiya shikoyati orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlashni so`radi. Mazkur sud ishi 2021 yil 16 fevralda Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasida ko`rildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi sudyasi Hamidjon Shamshiev xabar qildi...
Muqaddam bir necha bor sudlangan 40 yoshli mahkum xavfli residivist bo`lgan sudlanuvchi bir ayolni “IIV JIEBBda ishlovchi tanishlarim pora berib, jazoni ijro etish muassasasida ozodlikdan mahrum qilish jazo muddatini o`tayotgan ukangizni ozodlikka chiqarib beraman”, deb aldaydi. Natijada ayoldan 7.500.000 so`mni firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritadi.
Sudlanuvchi firibgarlik jinoyatini davom ettirib, ayoldan yana 300 AQSh dollari oladi. Shu kuning o`zidayoq fuqaroning arizasiga asosan IIV JQBB tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir jarayonida sudlanuvchi ushlanadi. Undan xolislar ishtirokida 300 AQSh dollari daliliy ashyo tariqasida hujjatlashtirib olinadi. Natijada sudlanuvchi o`ziga bog`liq bo`lmagan holatlarga ko`ra, jinoiy maqsadini oxiriga etkaza olmaydi.
Mahkum apellyasiya shikoyatida, pora berishga qiziqtirmagani, tashabbus undan chiqmagani sababli sud hukmini o`zgartirib, ayblovidan JK 28,211-moddasi 1-qismini chiqarishni, 168-modda bo`yicha zarar to`liq qoplanganini inobatga olib ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlashni so`ragan.
Sudlov hay`ati, ish bo`yicha sudya X.Shamshievning ma`ruzasi, prokuror X.Parpievning sud hukmini o`zgarishsiz, shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldirish haqidagi xulosasi, mahkumning himoyachisining apellyasiya shikoyatini quvvatlab uni qanoatlantirishni so`rashi haqidagi fikrlarini tinglab, shikoyatdagi vajlarni jinoyat ishi hujjatlari bilan birga tahlil qilib, quyidagilarga asosan sud hukmini o`zgarishsiz qoldirishni lozim deb topdi.
Mahkumning sud hukmida bayon etilgan jinoyatlarni sodir etganlikdagi aybi, o`zining sudda aybiga qisman iqrorlik bildirib bergan ko`rsatmasidan tashqari, guvohlarning dastlabki tergov va suddagi ko`rsatmalari, shuningdek, jinoyat ishida to`plangan arizachining qonuniy chora ko`rishni so`rab yozgan arizasi va uni tekshirish, voqea joyini ko`zdan kechirish va daliliy ashyoni olish bayonnomasi, pulga maxsus vositalar bilan ishlov berib, arizachiga berish va diktofon taqdim etish bayonnomasi, dastlabki surishtiruv davomida yozilgan tushuntirish xatlari, sudga oid kimyoviy ekspertizasining xulosasi, ayblanuvchining ko`rsatmalarini hodisa sodir bo`lgan joyda tekshirish bayonnomasi va unga bo`lgan foto-jadval, uyali telefonlardan amalga oshirilgan kirish-chiqish qo`ng`iroqlari va piling bo`yicha ma`lumotlari, sudlanuvchi bilan guvohlar o`rtasida o`tkazilgan yuzlashtirish bayonnomalari hamda jinoyat ishida to`plangan boshqa ob`ektiv dalillar yig`indisi bilan to`liq tasdig`ini topgan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan mahkumning jinoiy harakatlari JK 25, 168-moddasi 3-qismining “b” bandi, 28, 211-moddasi 1 qismi bilan to`g`ri kvalifikasiya qilingan.
Sudlov hay`ati mahkumning shikoyatda keltirgan pora berishga qiziqtirmagani, tashabbus undan chiqmagani sababli sud hukmini o`zgartirib ayblovidan JK 28,211-moddasi 1-qismini chiqarishni, 168-modda bo`yicha zarar to`liq qoplanganini inobatga olib ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlash haqidagi vajlarini atroflicha muhokama qildi. Uning bu keltirgan vajlari sudni chalg`itish va tayinlangan jazoni engillatish maqsadida keltirilgan vajlar deb tanqidiy baholashni lozim topdi.
Uning mazkur vajlari 1-instansiya sudida so`roq qilingan guvohning quyidagi ko`rsatmasiga asosan rad qilinadi:
— “SanGorod”da ukam bilan uchrashib, ko`chaga chiqqach, yig`lamsirab ketayotgan vaqtisda, sudlanuvchi yonimga keldi. Ukam JIEMda jazo o`tayotganini bilib, “bir akam Respublikada turmalarni boshlig`i. Unga 1.500.000 so`m berilsa, ukangizni tezda qamoqdan chiqarib beradi” deya va`da qildi. Mendan bo`lib-bo`lib jami 7.500.000 so`m oldi. Keyinchalik yana 300 AQSh dollari olayotganida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan tezkor tadbirda ushlandi.
Shuningdek, mahkumning dastlabki tushuntirish xatlari, himoyachi ishtirokida gumon qilinuvchi va ayblanuvchi tariqasidagi so`roqlaridagi ko`rsatmalari va ishda to`plangan boshqa dalillar yig`indisi bilan uning vajlari rad qilindi.
Ish bo`yicha zarar qoplangani haqidagi vajlari tekshirilganda, mahkumning rafiasi zarar qoplanmagani, qoplash imkoniyati yo`qligini ma`lum qildi.
Bunday holatda mahkumga nisbatan chiqarilgan sud hukmini o`zgartirish va bekor qilish uchun ishda asoslar mavjud emas.
Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudining 2019 yil 28 oktyabrdagi sudlanuvchiga oid hukmi o`zgarishsiz, apellyasiya shikoyati qanoatlantirilmay qoldirildi.
Sadoqat ALLABERGANOVA