Ixtiyor Sodiqov (ism-familiyalar o`zgartirilgan) turmush o`rtog`i Xumora Komilova bilan 2018 yilda nikohdan o`tib, Samarqand viloyati, Ishtixon tumanida yashay boshlashdi. Yaxshi niyatlar bilan oila qurgan er-xotin bora-bora arzimagan narsa ustida urishadigan-talashadigan darajaga etishdi. Bunday ur-to`polonlar joniga tekkan Xumora qizlik uyiga ketib qoladi...
Hammasiga rashk sababmi?
Xumora 2020 yilning fevral oyida Toshkent shahrida yashovchi qarindoshining uyiga boradi. Uning Toshkentdaligidan xabar topgan Ixtiyor xotinining ortidan ta`qib qilib, poytaxtga keladi. 2020 yil 28 mart kuni taxminan soat 21:00 larda u bilan uchrashadi. Uni o`zi ijaraga olgan Sergeli tumanidagi xonadonga taklif qiladi. Xotiniga o`sha erda ajrim masalasini hal qilamiz, deydi. Ijara uyda Xumoraning telefonini titkilagan Ixtiyor uyali telefon apparati xotirasidagi fotosuratlar orasida uning begona erkak bilan tushgan suratlari va "SMS" yozishmalarini ko`rib, Xumorani xiyonatda ayblaydi. Rashk oqibatida o`zaro janjallashib, yuz va tanasining turli qismlariga urib, choyshab bilan bo`g`ib, qasddan tan jarohati etkazadi. Xumorani bo`g`ilgan holatda suratga tushirib, telegram messenjeri orqali kontaktida bo`lgan odamlarga, shu jumladan, onasi va xolasiga ham yuboradi...
Tan jarohati etkazdi
Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko`ra, Xumora Komilovaning tanasida – chap ko`z olmasi kontuziyasi, o`ng va chap ko`z oqsil qavatiga qon quyilishi, o`ng va chap ko`z qovoqlari, bo`yin o`ng va chap yuzalari chap peshana sohasi, yuqori va pastki lab, burun egar qismi shilinmalari, peshana sohasi yumshoq to`qimalari lat eyishi, o`ng va chap ko`krak bezi sohasi, chap elka, chap son, chap boldir sohalari jarohatlari aniqlangan. Ushbu tan jarohatlari qattiq o`tmas jism ta`sirida etkazilganligi, bu jarohatlar sog`liqning qisqa muddatga buzilishiga olib kelgan engil tan jarohatlari turiga kirishi aniqlangan.
“Jinoyat” ustida qo`lga tushirmoqchi bo`ldi-yu...
Bundan tashqari, Ixtiyor Sodiqov o`zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2020 yil 30 mart kuni taxminan soat 12 larda, turmush o`rtog`i Xumora Komilova vaqtincha yashab kelayotgan xonadon eshigini o`zida bo`lgan zaxira kalit yordamida ochadi. Mast holda uyga g`ayriqonuniy ravishda kirib, oshxonada turgan pichoq bilan qurollanadi. Xonadon yotoqxonasidagi karovat ostiga yashirinib, Xumoraning qaytishini kutadi. Go`yoki Xumora uyga jazmani bilan qaytadi, u esa xotinini “jinoyat” ustida qo`lga olmoqchi bo`ladi. Birozdan so`ng spirtli ichimlik ta`sirida karavot tagida uxlab qoladi...
Begunoh inson pichoqlandi...
Xumora Komilova turmush o`rtog`i Ixtiyor Sodiqov uni urib, tan jarohati etkazganligi va doimiy tajovuzlaridan qo`rqib, Sergeli tuman IIO FMBga murojaat qiladi. Surishtiruv harakatlarida ishtirok etib, taxminan soat 14:00 larda Sergeli tuman IIO FMB tezkor xodimlari kuzatuvida vaqtinchalik yashash manziliga qaytib keladi. Xumora Komilovaning chaqirig`iga ko`ra, o`z xizmat burchini bajarayotgan, Sergeli tuman IIO FMB JQB tezkor vakili B.Xudayqulov xonadonni ko`zdan kechiradi. Xotinining begona erkak bilan kirib kelganini ko`rgan, Ixtiyor Sodiqov karavot tagida yotgancha ularni kuzata boshlaydi. Fuqarolik kiyimida bo`lgan B.Xudayqulov karavot tagini tekshirib, u erda yashirinib o`tirgan Ixtiyorni tortib chiqaradi. Rashk o`ti ko`zini ko`r qilgan Ixtiyor Sodiqov uni Xumoraning jazmani, deb o`ylab, qo`lidagi oshxona pichog`i bilan qorin qismiga ikki marta urib, qasddan tan jarohati etkazadi. Voqea joyidan yashirinmoqchi bo`lganida mazkur hududda xizmat olib borayotgan Toshkent shahar IIBB PPXB xodimlari tomonidan qo`lga olinadi.
Hukm o`qildi
Ixtiyor Sodiqov JKning 109-moddasi 2-qismi va 104-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor, deb topildi. JKning 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan I.Sodiqovga uzil-kesil 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Farrux Turaxodjaev, Toshkent shahar sudining Jinoyat ishlari bo`yicha sudyasi,
Lola Shoimova, jurnalist .