Oliy Majlis Senatining o`n uchinchi yalpi majlisida Surxondaryo viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish haqidagi hisoboti eshitildi.
Unda Oliy Majlis Senatining ishchi guruhi tomonidan viloyatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni kompleks ravishda o`rganish yakunlari ham batafsil muhokama qilindi.
Hisobotda ta`kidlanganidek, hududni har tomonlama rivojlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, viloyatda 2020 yilda ishlab chiqarilgan yalpi hududiy mahsulot hajmi 24 trln. so`mni, o`sish sur`ati 2019 yilga nisbatan 104,4 foizni tashkil etgan. Shu jumladan, 5,5 trln. so`mlikdan ortiq sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan, 7,9 trln. so`mlikdan ziyod xizmatlar ko`rsatilgan, chakana savdo aylanmasi 12 trln. 352,6 mlrd. so`mdan iborat bo`lgan.
Viloyatda pandemiya sharoitida 63,3 mingdan ziyod muhtoj oilaga ijtimoiy yordam ko`rsatilgan, tadbirkorlik sub`ektlarining 5 mingdan ziyod kredit shartnomalari to`lovlarning muddati uzaytirilishi natijasida 21,5 mingdan ortiq korxonalar faoliyati qayta tiklanishiga erishilgan.
Investisiya dasturi doirasida umumiy qiymati 2,5 trln. so`mga teng bo`lgan 752 ta loyiha foydalanishga topshirilib, 6,4 mingdan ziyod yangi ish o`rinlari tashkil etilgan. Xorijiy investisiya ishtirokidagi 252 ta loyiha bo`yicha 221,2 mln. AQSh dollari miqdoridagi to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiya va xorijiy kredit mablag`lari o`zlashtirilgan. Viloyatda 245,2 mln. AQSh dollariga teng mahsulotlarning 26 ta davlatga eksporti amalga oshirilgan.
Qolaversa, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida tijorat banklari tomonidan qariyb 17,7 mingta jismoniy va yuridik shaxslarga, xususan, “Temir daftar”ga kiritilgan 1 ming 260 ta oilaga kredit mablag`lari ajratilgan.
Qishloq xo`jaligi ekinlarini etishtirishda 3 ming 820 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish (3 ming 797 gektar tomchilatib, 23 gektar yomg`irlatib sug`orish) bo`yicha ishlar amalga oshirilgan.
Viloyatda bolalarning maktabgacha ta`lim bilan qamrov darajasini oshirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida 43 ta maktabgacha ta`lim tashkilotini tashkil etish uchun imtiyozli kredit ajratilgan.
Hududda bugungi kungacha 29 ming nafarga yaqin xotin-qizlar 9 toifaga ajratilgan holda, “Ayollar daftari” elektron bazasiga kiritilib, ularning muammolarini hal etish bo`yicha “yo`l xaritalari” ishlab chiqilgan.
Viloyatda 37 ming nafardan ortiq yoshlarga 16 ming 320 gektar er maydoni ajratib berilishi nazarda tutilgan bo`lib, bugungi kungacha 870 nafardan ortiq yoshlarga jami 507 gektar er maydoni ajratib berilgan.
Yana bir jihat. Bugungi kunda viloyatda 560 dan ortiq madaniy meros yodgorliklari mavjud bo`lib, turizm sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar natijasida 2019 yilda tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 2018 yilga nisbatan 4 barobarga oshgan.
Kelgusida Boysun va Sariosiyo tumanlarida kichik turizm zonalarini barpo etish orqali hududni “Kichik Shveysariya”ga, Termiz tumanidagi “al-Hakim at-Termiziy” majmuasi atrofini “O`rta asrlar shaharchasi”ga aylantirish, Termiz shahridagi “Baxt” bog`i hududida “Yapon bog`i” va “Kato Kyudzo” memorial muzeyini barpo etish nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, majlisda viloyatni rivojlantirish borasida o`z echimini kutib turgan ayrim muammo va kamchiliklar borligi ham qayd etildi.
Jumladan, 2020 yil yakuniga ko`ra, hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning dastlabki reyting ko`rsatkichlari bo`yicha Qiziriq va Uzun tumanlari “sariq hudud”dan “qizil hudud”ga o`tgan.
Muzrabot tumani “Obihayot” mahallasidagi 27 ta ko`p kvartirali uy-joyni ta`mirlash uchun mahalliy byudjetdan zarur mablag` ajratilmaganligi bois ushbu uylar o`ta ta`mirtalab ahvolga kelib qolgan.
Denov hamda Sariosiyo tumanlaridagi “Muruvvat uylari”da yashayotgan nogironlarga tibbiy xizmat ko`rsatish sifatini yaxshilash maqsadida ushbu muassasalarni fizioterapiya apparatlari bilan ta`minlash lozim.
Xalqaro ahamiyatdagi M-41 “Bishkek-Dushanbe-Termiz” avtomobil yo`lining 1444-1622 km. qismlarini rekonstruksiya qilish bo`yicha tegishli chora-tadbirlar ijrosi ta`minlanmagan.
Bundan tashqari, viloyatda 2020 yil davomida jami 3,1 mingdan ortiq jinoyat sodir etilgan bo`lib, ushbu ko`rsatkich 2019 yilga nisbatan qariyb 40 foizga oshgan. Xususan, o`ta og`ir va og`ir turdagi jinoyatlar soni 72-77 foizga ko`paygan.
Majlisda viloyatni o`rganish yakunlari xalq deputatlari viloyat Kengashining 2021 yil 20 fevraldagi sessiyasida tanqidiy muhokama etilganligi, unda mutasaddi rahbarlarning axborotlari eshitilib, kamchiliklarga yo`l qo`ygan viloyat hokimining tegishli o`rinbosarlari hamda 6 nafar viloyat tashkiloti rahbarlariga nisbatan tegishli choralar ko`rilganligi ta`kidlandi.
Shuningdek, viloyat darajasidagi muammolarni hal etish bo`yicha 45 banddan iborat “Yo`l xaritasi” tasdiqlanib, unda belgilangan har bir chora-tadbir ijrosi ustidan deputatlik nazorati yo`lga qo`yilganligi, viloyat Kengashi sessiyasida mutasaddi idora va tashkilotlar rahbarlarining har chorakda hisobot berib borishi belgilanganligi qayd etildi.
Bundan tashqari, senatorlar tomonidan mavjud muammolarni hal etish masalalari batafsil muhokama qilindi. O`rganish davomida aniqlangan respublika darajasidagi muammoli masalalar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi.
Majlis yakuniga ko`ra, viloyatda o`z echimini kutib turgan respublika darajasidagi muammolarni bartaraf etish bo`yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi va ijrosi ustidan senatorlik nazoratini yo`lga qo`yish belgilandi.