Bosh prokuror nazorati ostida uch kunda, Farg`onada 34 ta ilgari ochilmagan jinoyatlar fosh etildi, qidiruvdagi 14 nafar shaxs ushlandi, bedarak yo`qolganlar oilasi bag`riga qaytarildi. Bu haqda Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi boshlig`i Xayot Shamsutdinov "Darakchi.uz"ga xabar kildi.
Xabarda aytilishicha, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig`matilla Yo`ldoshev ayni kunlarda Farg`onaning shahar va tumanlarida bo`lib, kriminogen vaziyatni bevosita o`rganmoqda, mas`ul tuzilmalar mutasaddilarini jalb etgan holda har bir huquqbuzarlik va jinoyatchilikni keltirib chiqarayotgan omillar, sabab va sharoitlarni tahlil qilmoqda.
Farg`ona viloyatida jinoyatlarni fosh etish va jinoyatchilarni ijtimoiy xavfli qilmishlarni sodir etishdan qaytarish maqsadida savdo shahobchalari, ko`cha va maydonlarga 350 dan ziyod kuzatuv kameralari o`rnatildi.
Ma`lumki, keyingi statistik ma`lumotlarga ko`ra, Farg`ona viloyatida sodir etilgan tan jarohati etkazish bilan bog`liq bo`lgan jinoyatlarning 35 foizi o`tkir kesuvchi jismlardan foydalanib sodir etilgan. Shu bois, hududda “Tig`” tadbirlari o`tkazilib, fuqarolardan 800 dan ortiq o`tkir kesuvchi jismlar olib qo`yildi, aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko`rildi.
Jinoyatchilikka qarshi samarali kurash ko`p jihatdan muqaddam sudlanganlar bilan profilaktik tadbirlarni o`tkazib borishga ham bog`liq. Binobarin, shunday tadbirlar doirasida ilgari sudlangan va huquqbuzarlik sodir etishga moyil qariyb 20 nafar shaxs ma`muriy nazoratga olindi, tuzalish yo`liga kirmagan 2 nafar nazoratdagi shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo`zg`atildi.
Sud ishlarining ta`sirchanligini oshirish, odamlarda jinoyat uchun jazo muqarrarligi haqida qat`iy ishonch uyg`otish maqsadida 40 dan ziyod sayyor sud majlislari o`tkazildi.
Bundan tashqari, Farg`ona viloyatida eng ko`p jinoyat sodir etilganligi qayd etilgan 252 ta mahalla fuqarolar yig`inlariga 4 ta sektor rahbarlari, ularning o`rinbosarlari hamda Milliy gvardiya organlari boshliqlari shaxsan biriktirildi.
Bosh prokuror tomonidan mahallalarda o`tkazilayotgan o`rganish va tahlillar natijalari profilaktika inspektorlari, mahalla raislari, sektor rahbarlari, prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida ta`sirchan tarzda muhokama etib borilmoqda, jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini tubdan yaxshilashga qaratilgan choralar joyida belgilab berilmoqda.