Buxoro viloyatida jamoat transportida tibbiy niqoblarni taqib, ijtimoiy masofani saqlash qoidasiga amal qilish ustidan nazorat kuchaytirildi. Bu haqda Buxoro viloyati transport boshqarmasi ma`lum qildi.
Boshqarma jamoat transportlari va yo`nalishsiz taksilarda niqobsiz harakatlanish man etilishi, tartibga rioya qilmaganlarga nisbatan qat`iy choralar qo`llanilishini ma`lum qildi.
Boshqarma fuqarolarni jamoat transportlari va yo`nalishsiz taksilar xizmatlaridan foydalanganda O`zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo`yicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan karantin qoidalariga qat`iy rioya etishga, niqob taqish hamda jamoat transportlari salonida ijtimoiy masofani saqlashga chaqirgan.
“Tajribadan kelib chiqqan holda faqatgina ijtimoiy masofaga va majburiy niqob taqish rejimiga qat`iy rioya qilinishi kasallanish tarqalishining oldini olishga yordam beradi. Infeksiya tarqalishiga qarshi birgalikda kurashish, unga qarshi mustahkam turish maqsadida fuqarolarni yuqorida aytib o`tilgan talablarga so`zsiz va qat`iy amal qilishga chaqiramiz”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, joylarda haydovchilar bilan karantin qoidalariga rioya etish, harakat xavfsizligini ta`minlash, tibbiy niqobsiz yo`lovchilarni tashimaslik masalalarida ko`rsatma va tushuntirishlar berilgani qayd etilgan.






