1

Terroristik tashkilotga qo`shilmoqchi bo`lgan 26 yoshli yigitga hukm o`qildi

Jinoyat 22.03.2021, 12:45
Terroristik tashkilotga qo`shilmoqchi bo`lgan 26 yoshli yigitga hukm o`qildi

26 yoshli S.X. internet orqali diniy-ekstremistik va terroristik tashkilot a`zolarining ta`siriga tushib, belgilangan tartibni buzgan holda terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketishga tayyorgarlik ko`rishda ifodalangan og`ir jinoyatlarni sodir etdi. Bu haqda Toshkent shahar sudining Jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik bo`yicha bosh konsultanti Sadoqat Allaberganova xabar qildi...

S.X. 2013 yil ishlash maqsadida qo`shnilari va o`ziga yaqin bo`lgan tanishlari bilan birgalikda Rossiyaning Ijevsk shahriga borib, u erda uch yil davomida qurilish ob`ektlarida ishlab, 2016 yil yanvarida O`zbekistonga qaytib kelgan. Shundan so`ng, 2016 yil ishlash maqsadida yana Rossiyaning Ijevskiga borib, u erda 2019 yil oktyabrigacha ishlagan.

2018 yilning oxirlarida S.X. uyali telefon apparati xarid qiladi. Unda “you tube”dagi turli diniy-ekstremistik videolavhalarni va “telegram”dagi turli audio-video ko`rinishidagi materiallarni ko`rish, tinglashni boshlaydi. Shu tariqa S.X. 2019 yil taxminan iyuniga qadar ba`zi shaxslarning materiallarini ko`rish va eshitish orqali Islom dini aqidalarini o`rganib kelgan. 

2019 yil iyulidan boshlab, “you tube”da Suriyada hech qanday fitna bo`lmayotgani, shuning uchun Suriyadagi musulmonlarga yordam berish kerakligi, boshqa davlatlarda yashayotgan musulmonlarning Suriyaga borib, u erdagi musulmonlarga yordam berishi eng birinchi farz hisoblanishini ta`kidlagan videosini ko`radi. Boshqa davlatlarda yashovchi musulmonlar Suriyaga borib, kofirlarga qarshi “jixod”da ishtirok etib, “jixod”da halok bo`lishi “shaxid” ketish xisoblanishi, “shaxid” ketish degani - bu jannatning eng oliy darajasiga etishni anglatishi haqidagi ma`ruzalarini ko`ra boshlagan. 

Bundan tashqari, S.X. “telegram”dagi 2 ta kanalga qo`shilib, u erda tarqatilgan, ya`ni Suriya davlatida yuz berayotgan voqea-hodisalar to`g`risidagi materiallarni ham kuzatib borgan. 

2019 yil avgustida “you tube”dagi diniy-ekstremistik tashkilotning “jixod” to`g`risidagi video ma`ruzalarni ko`rib, ularning birining ostiga qoldirilgan izohlarni o`qiydi. Ularning orasida “jixod qilishni xohlasangiz, ushbu manzil bilan bog`laning”, deb yozilgan havolani bosib, “telegram”dagi foydalanuvchi bilan aloqa o`rnatadi. U bilan olib borgan yozishmalarida S.X.ga hozirda Suriyada 4-5 ta joyda katta “jihod” bo`layotganini, S.X.ning Rossiyadan Suriyaga borishiga yo`l-kira harajatlari uchun taxminan 800 AQSh dollari miqdorida pul kerak bo`lishini ma`lum qilgan. Lekin S.X. bu miqdordagi pullari bo`lmagani sababli, u “jihod”ga ketish uchun etarli miqdordagi pul topganidan keyin aloqaga chiqishini aytgan.

So`ng, S.X. Suriyaga borib, u erdagi “jixod”da ishtirok etish va “shahid” ketish orqali musulmonlarga yordam berish Islom dinida farz ekanini o`ylab, 2019 yil avgust-sentyabr oylarida ishlab, 800 AQSh dollarini to`plashni va terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun Suriyaga borishni maqsad qilib, bu haqda jinoiy reja tuzgan. Unga asosan, 2019 yil sentyabrning oxirida S.X. “telegram” orqali yana o`sha foydalanuvchi bilan aloqa o`rnatadi. Yo`l harajatlari uchun 800 AQSh dollarini topganini va Suriyaga ketishga tayyor ekanini ma`lum qilgan. Bunga javoban telegram foydalanuvchisi S.X.ga Suriyaga borish yo`lini tushuntiradigan shaxsning “telegram”dagi havolasini yuborgan. S.X. esa galdagi “yo`l ko`rtsatuvchi” bilan bog`lanadi. O`zaro yozishmalar davomida S.X.ga Rossiyadan Suriyaga borish yo`lini tushuntirgan. S.X.ning pasportida barcha mamlakatlarga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) yozuvi yoki chet elga chiqish biometrik pasporti bo`lmagani uchun xavfsiz yo`l sifatida dastlab qanday harakatlanishni tushuntiradi. 

Shunda, S.X. o`zining dastlabki jinoiy rejasini amalga oshirish uchun belgilangan tartibni buzib chet elga chiqish bo`yicha yangi jinoiy reja tuzadi. Unga muvofiq harakatlanib, 2019 yilning oktyabrida internet orqali “Moskva-Erevan-Tbilisi” aviareysiga elektron chiptalarni xarid qiladi va Moskva shahri tomon yo`l olgan. Taxminan yarim yo`lni yurganidan so`ng u “WhatsApp” orqali Ijevsk shahrida o`zi bilan birgalikda ishlab yurgan katta akasining telefoniga “aka, men Alloh yo`lida jihodga ketdim. Suriyadagi kofirlarga qarshi urishayotgan musulmonlarning yoniga. Meni izlab havotir olib o`tirmanglar. Nasib qilsa ko`rishamiz, ko`rishmasak qiyomatda ko`rishamiz. Alloh musulmonlarga yordam berishni har bir musulmonga farz etgan, bormasam gunohkor bo`laman. Hozirda urush farz ayn, bu to`g`risida ota-onadan ruxsat so`ralmaydi ketish uchun, shuning uchun sizlarga aytmadim”, deya xabar yozib yuborgan. Aynan shu mazmundagi xabarni u amakisiga ham yuborgan.

Bu orada aka ukasi tomonidan yuborilgan xabarni o`qib, bu haqda telefon orqali zudlik bilan otasiga ma`lum qilgan. Ota esa Rossiyada ishlab yurgan ukasiga qo`ng`iroq qilib, vaziyatni tushuntiradi. Ushbu holat yuzasidan Rossiyaning huquqni muhofaza qiluvchi idoralariga yordam so`rab muroojat qilishini so`ragan va S.X.ning amakisi RFning Ijevskdagi Federal xavfsizlik xizmati bo`limiga ariza bilan murojaat qilgan.

2019 yilning oktyabrida S.X. Moskvaga etib borib, shu kuni kechki vaqtda “Vnukovo” aeroportiga borgan. U erda S.X. aeroport xodimlariga internet orqali xarid qilingan chiptani taqdim etadi. Lekin S.X. pasport nazoratidan o`tayotganida, aeroportda xizmat olib borayotgan xodim yigitdan Gruziyaga ketishining sababi bo`yicha u bilan suhbat o`tkazmoqchi ekanini aytadi. Shunda, S.X. sodir etishni rejalashtirgan jinoyatlari fosh bo`lishidan cho`chib, “telegram”idagi ikki foydalanuvchilar bilan olib borgan yozishmalarni o`chirib yuboradi. 

So`ng S.X.ning yoniga Rossiyaning FXX xodimi kelib, uni alohida xonaga taklif etadi va Gruziyaga ketayotganining maqsadi bo`yicha so`rov o`tkazadi. O`tkazilgan so`rov davomida FXX xodimi S.X.ning uyali telefon apparati xotirasidagi materiallarni ko`zdan kechirib, Suriyadagi “jixod” bilan bog`liq materiallar borligini aniqlagan. 

S.X. o`zining FXX xodimiga bergan ko`rsatmalarida, u haqiqatdan ham “jixod”da ishtirok etish maqsadida, aylanma yo`nalish bilan Suriya Arab Respublikasiga borib, u erda faoliyat yuritayotgan terroristik tashkilotga qo`shilmoqchi bo`lganini ma`lum qilgan.

S.X. O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi huquqni muhofaza qiluvchi idoralari o`rtasidagi xamkorlik kanallari bo`yicha Toshkentga olib kelinadi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha Qo`mitaning xulosasiga ko`ra...

S.X.dan olingan uyali telefon apparatida mavjud fayldagi ma`lumotlar O`zbekistonda faoliyati taqiqlangan terroristik tashkilotiga tegishli bo`lib, ushbu fayllardagi ma`lumotlar O`zbekistonning amaldagi davlat tuzumini Konstitusiyaga xilof ravishda o`zgartirishga xizmat qiladi.

 

O`zbekiston Respublikasi IIV Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh boshqarmasining ma`lumotnomaga ko`ra...

IIV M va FRBB hamda uning quyi tizimlari tomonidan S.X.ning nomiga chet elga chiqish ruxsat yozuvi stikeri yoki xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirilmagan.

 

Muxtarama Turgunova, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudyasi:

 Sudda sudlanuvchi aybiga to`liq iqror bo`ldi. Sudlanuvchi JKning 25, 155-2-moddasi 1-qismi, 25, 223-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topildi. JKning 59, 61-moddalariga asosan tayinlangan har xil turdagi jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan uzil kesil o`tash uchun 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Sadoqat ALLABERGANOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1