1

Farg`onada unashtiruvi bekor bo`lgan yigit qizning uyini yoqib yubordi

Jinoyat 24.03.2021, 10:58
Farg`onada unashtiruvi bekor bo`lgan yigit qizning uyini yoqib yubordi

Beshariqlik Hamid qo`shni qishloqda yashovchi Oygulni anchadan beri yaxshi tanirdi. Uydagilar yaxshi niyat bilan ikki yoshni unashtirdi.

Bu yigitning oilaviy sharoiti og`irroq edi. Shu bois ham to`y qilish uzoqroq cho`zildi. Bu vaqt oralig`ida Hamid kelin bo`lmish bilan tez-tez ko`rishib turar, hatto uy yumushlariga yordam berib yurdi. Bir kuni ikkalasi telefon orqali gaplashib, arzimas narsa tufayli janjallashib qoldi. Ikki yosh o`rtasida gap-so`zlarni kelinning onasi eshitib, shartta to`nini teskari kiyib oldi. Bo`lajak kuyovning kechirim so`rashlari, kattalarni o`rtaga tushishlari ham kor qilmadi. Qizning onasi “senga beradigan qizim yo`q”, deya fotihani bekor qildi.

Hamid bir kuni mast bo`lib, qizning uyiga borib to`polon qildi. Ichki ishlar bo`limiga yozilgan ariza asosida unga sud tomonidan ma`muriy jazo qo`llanildi. Ammo u bundan xulosa chiqarmadi. 2020 yil 18 iyun kuni mast holatda yarim tunda Oygulning uyiga boradi. Bu paytda ona bola qo`shni qishloqdagi qarindoshinikiga ketib, yotib qolgan, uyda hech kim yo`q edi. Uyga kirib, alamini nimadan olishni bilmay, mehmonxonadagi pardaga o`t qo`yib yuboradi.  

Olov kattalashib ushbu xonadon va egalariga tegishli bo`lgan uy-ro`zg`or buyumlari, kiyim kechaklari, shuningdek, bir qator hujjatlar ham yonib ketgan.

Beshariq tumani favqulodda vaziyatlar bo`limining xulosasiga ko`ra, fuqaro B.S.ni yashash xonadonida yuz bergan yong`in o`chog`i, xonadon egasining yotoqxonasiga eshik orqali kirilganda o`ng tomonda joylashgan deraza atrofida aniqlanib, derazaga tortilgan pardaga H.J. o`zi bilan olib yurgan gugurtni yoqishi deb topilgan. Shuningdek, sodir etilgan yong`in natijasida etkazilgan zarar miqdori 263 million 975 ming 196 so`m ekanligi aniqlangan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Qo`qon shahar sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ko`rib chiqildi. H.J.ga uzil kesil uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, unga qo`llanilgan ehtiyot chorasi bekor qilindi va sud zalidan qamoqqa olindi. Jabrlanuvchi foydasiga esa etkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1