Joriy yilning 24 yanvar kuni soat 17:30 larda, Andijon viloyati, Marhamat tumani hududidan o`tgan 4R-140 avtomobil yo`lining 27-kilometrida, haydovchi, 1994 yilda tug`ilgan A.Sh "Neksiya" rusumli avtomobilda harakatlanayotib, yo`lni kesib o`tayotgan velosipedchi, 1995 yilda tug`ilgan J.A.ni urib yuborgan. Velosipedchi yiqilgandan so`ng, ushbu yo`nalishda kelayotgan haydovchi, 1998 yilda tug`ilgan A.A. "Neksiya" rusumli avtomobilda yiqilgan velosipedchini bosib ketgan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, velosipedchi tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilgan. Mazkur YTH yuzasidan Marhamat tumani IIB huzuridagi TB tomonidan tegishli hujjatlar to`planib, tuman Jinoyat ishlari bo`yicha Sudiga yuborilish choralari ko`rilmoqda.
"Barcha haydovchilardan belgilangan qoidalarga rioya qilishlarini so`raymiz",–deyiladi IIV YHXBB axborotida.