23 mart kuni Chortoqda QVP binosini klinika qurish uchun bo`shatib berishni talab qilganlar bemorlar tomonidan kaltaklangan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti ma`lum qildi.
Ma`lum qilinishicha, voqea kunduzi soat 11:00 larda Chortoq tumani Saroy MFY., hududida joylashgan QVP binosiga 33 yoshli Murod Yu., va 35 yoshli Shavkat Yu,lar kelib ma`muriyatga ushbu binoni bo`shatib berishlarini, ular zamonaviy klinika qurmoqchi ekanliklarini bildirganlarida, u erda davolanayotgan 37 yoshli Fayzullo T., va 31 yoshli Anvar M.,lar ularni turli so`zlar bilan haqorat qilib, tanasining duch kelgan joylariga urib jarohat etkazganlar.
Sud tibbiy ekspertiza xulosasida Murod Yu., hamda Shavkat Yu.,larda engil turdagi tan jarohatlari mavjudligi ko`rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Chortoq tuman IIB huzuridagi Tergov bo`linmasi tomonidan Fayzullo T., va Anvar M.,larga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinganlar.
Hozirda tergov davom etmoqda.
Ta`kidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko`ra, 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.






