AsosiyJamiyat

Senat Raisi Chilonzor tumani aholisi bilan uchrashdi

'Senat Raisi Chilonzor tumani aholisi bilan uchrashdi'ning rasmi

Bugun, 25 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva Chilonzor tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududda mahallabay tizimda olib borilayotgan ishlar, aholi turmush farovonligini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarni o`rganish va aholi bilan bevosita muloqotlar qilish maqsadida mazkur tumanda bo`ldi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.

Dastlab “Al-Xorazmiy” MFYda aholiga yaratib berilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi. Mahalla hududidagi bolalar sog`lomlashtirish maydonchasi yonida mahalla aholisi bilan ochiq muloqot o`tkazildi.

Qolaversa, Senat Raisi “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ayollar va yoshlar uchun tashkil etilgan tikuvchilik sexlarida ham bo`ldi. Bu erda ishlayotgan tikuvchilar bilan suhbatlashdi.

Bundan tashqari, tumanda joylashgan Toshkent shahar Ayollar reabilitasiya va moslashtirish markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Ushbu muassasada vaqtincha yashayotgan ayollar bilan muloqot qildi. Mazkur markaz faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Navbatdagi manzil – “2-Charx Kamolon” mahallasidagi ko`p qavatli uylarning erto`la qismida tashkil etilgan tadbirkorlik markazlari. Senat Raisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanayotgan yosh ishbilarmonlar bilan ham muloqotda bo`ldi.

Shuningdek, mahalliy Kengash kotibiyatiga yaratib berilgan shart-sharoitlar bilan tanishilib, xalq vakillarining tumanni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish borasidagi takliflari eshitildi.

 Yana bir jihat. Tumandagi mahallalarda bo`lib, aholi, xususan, xotin-qizlarning murojaatlari tinglandi va ular batafsil o`rganildi. Ko`tarilgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli mutasaddilarga ko`rsatmalar berildi.

 

    Boshqa yangiliklar