O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, “saxovat” va “muruvvat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish to`g`risida”gi farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi va uning hududiy bo`linmalari negizida O`zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi va uning hududiy bo`linmalari tashkil etilishi belgilab berildi.
Quyidagilar Agentlik tizimiga o`tkaziladi:
– “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari, Nogironligi bo`lgan shaxslarni reabilitasiya qilish va protezlash milliy markazi, nogironligi bo`lgan shaxslar uchun hududiy reabilitasiya markazlari, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriy va pansionatlar, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy bo`linmalari, Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo`yicha Respublika reabilitasiya markazi;
– Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari faoliyatini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi hamda Nogironligi bo`lgan shaxslarni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi.






