Aholining iste`mol kayfiyati fosh etgan haqiqatlar...
Aholining iste`mol kayfiyati qanday? Xarid qobiliyati-chi? Daromadi kundalik ehtiyojlarini qondirishga kifoya qilyaptimi? Shu kabi savollar bugun ko`pchilikni qiziqtirayotgani tabiiy. Chunki koronavirus pandemiyasi ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizni alg`ov-dalg`ov qilib yubordi. Buni o`z turmushida his qilmagan yurtdoshimiz deyarli bo`lmasa kerak.
Darhaqiqat, o`tgan yili iqtisodiy holatning yomonlashuvi odamlarning hayot darajasiga jiddiy ta`sir ko`rsatdi. Tahlillarga qaraganda, aholi daromadi yil davomida kamayishi kuzatilib, bu hol, ayniqsa, kam daromadlilarga o`zining salbiy ta`sirini yaqqol ko`rsatdi. Ushbu jihatlar Markaziy bank tomonidan e`lon qilingan Aholining iste`mol kayfiyati sharhida ham o`z tasdig`ini topdi.
Iqtisodiy barometr
Ko`plab davlatlarda pandemiya sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni doimiy ravishda kuzatib, tegishli choralar ko`rish uchun muvofiqlashtirish mexanizmlarini ishlab chiqilmoqda. Masalan, Avstriyada Iqtisodiyot va raqamlashtirish vazirligi tomonidan “COVID-19”ning iqtisodiyotga ta`sirini kuzatuvchi ishchi guruhi tuzilgan bo`lsa, Daniyada hukumat biznes sektori bilan hamkorlikda mavjud muammolarni hal qilishga qaratilgan aniq va maqsadli chora-tadbirlarni muhokama qilish vakolatiga ega bo`lgan "Hukumat va biznes hamkorlik guruhi" tuzildi. Fransiyada davlat taraqqiyot banklari bilan hamkorlikda korxonalarni qo`llab-quvvatlash choralarini faollashtirish bo`yicha Mintaqaviy maqsadli guruhlar tuzilgan.
Yurtimizda esa Markaziy bank tomonidan aholining daromad va xarajatlari tarkibi, ularning iste`mol va jamg`arish kayfiyati, kreditga bo`lgan talabi, shuningdek, inflyasiyaning odamlar turmushiga ta`sirini o`rganish bo`yicha so`rovlar o`tkazildi. Respublikaning barcha hududlarini qamrab olgan ushbu tahlil asosida aholining ISTE`MOL KAYFIYaTI o`rganildi. Shu o`rinda qulog`imizga aytarli chalinmagan “iste`mol kayfiyati” o`zi nima, degan savol tug`ilishi, tabiiy.
Ma`lumot o`rnida aytish joizki, u iste`molchilar kayfiyati indeksi orqali aniqlanadigan, ta`bir joiz bo`lsa, iqtisodiy barometrdir. Negaki, so`rovlar orqali iste`molchilarning taxminlari hamda aholining iqtisodiy kayfiyatini aniqlash, shu asosda iqtisodiy rivojlanish tendensiyasini prognoz qilish mumkin. Shu ma`noda, o`zbekistonlik iste`molchilarning ishonch ko`rsatkichi qanday? Ijobiymi yoki salbiy?
Indeks ko`rsatkichi -100 dan +100 oralig`ida bo`lib, agar ko`rsatkich +100 ga yaqinlashsa — ijobiylikni, -100 ga qarab ketsa — salbiylikni ifoda etadi. 2020 yil yakunlari va kelgusi 12 oy uchun yurtdoshlarimizning iste`mol kayfiyati indeksi 24,2 ga teng bo`ldiki, bu ijobiy holatdir. Indeks tarkibida xarajatlar o`sishining kutilmasi eng yuqori — 45,7 ni tashkil etib, daromadlar o`sishi 26,5, kreditlar miqdori ortishi 28,4 ga etishi kutilmoqda. Bundan anglash mumkinki, aholining sarf-xarajatga moyilligi yuqori bo`lib, o`z navbatida, olinadigan daromadlar bo`yicha ijobiy o`zgarishlar bo`lishi, kreditlarga talab ortishi mumkin.
Oilalarning o`rtacha daromadi
Aholining iste`mol kayfiyati sharhi oilalarning o`rtacha daromadi haqida real tasavur hosil qilish imkonini berdi. Shunga tayanib, aytish mumkinki, bugungi kunda aksariyat oilalar daromadi 3 million so`m atrofida. Sababi, so`rovda ishtirok etganlarning 46,3 foizi oilaviy daromadlari 3 million so`mgacha ekanligini ma`lum qilishgan. Respondentlardan 26,3 foizi oilaviy daromadi 3-5 million so`m, 13,2 foizi 5-7 million so`m, 7,3 foizi 7-10 million so`m ekanligini bildirishgan. Qolgan atigi 6,8 oilalar daromadi 10 million so`mdan ortiq ekan.
Aholi daromadiga hamohang ravishda eng ko`p iste`mol qilinadigan tovarlar savatchasida ham o`zgarish kuzatilgan. Xususan, oilaviy daromadi past bo`lgan qatlam xarajatlarining salmoqli qismini oziq-ovqat mahsulotlari tashkil qilgan. O`tgan yili oziq-ovqat mahsulotlari narxi boshqa tovarlarga nisbatan ko`proq qimmatlashgani (yillik o`sish 15,2 foizga teng bo`ldi) tufayli inflyasiya ta`siri kam daromadli qatlamga yaqqol sezildi.
Binobarin, so`rov ishtirokchilarining 70 foizi 2020 yilda daromadlari keskin kamayganini, faqatgina 15 foizi daromadi oshgani ayon bo`lgan. Ekspertlarning fikricha, hozirgi pandemiya kabi inqirozli holatlar aholining yuqori va kam daromadli qatlamlari o`rtasidagi tafovut ortib ketishiga olib kelishi mumkin. Biroq kelgusida daromadlar o`zgarishida ijobiy iqtisodiy kutilmalar paydo bo`layotgani, odamlar kayfiyati optimistik tomonga og`ayotgani e`tiborga molik jihatdir.
Jamg`armangiz qancha muddatga etadi?
E`tirof etish kerak, xalqimiz tejamkor. Kam xarj qilib, ertangi kun g`ami bilan yashaydi. Nainki o`zining, balki bolalarining kelajagi uchun qayg`urib, jamg`arma yig`ishga harakat qiladi. Ayniqsa, global inqiroz davrida xarid borasida etti o`lchab, bir kesadigan bo`lishdi. Ammo so`rovda ko`plab oilalar jag`armaga ega emasligi oydinlashdi.
Gap shundaki, respondentlarning 37,4 foizi daromad manbalarida uzilish bo`lsa yoki ishdan bo`shagan taqdirda yashash uchun zaxira manbalari yo`qligini aytgan. Atigi 8,3 foizi olti oydan ortiq, 9 foizi uch oydan olti oygacha, 21,7 foizi bir oydan uch oygacha, 23,6 foizi bir oy yashashga etgulik jamg`armasi borligini aytishgan. BU — JAMIYaT UChUN JIDDIY SIGNAL!
Odamga umid bag`ishlaydigani jihat shuki, kelgusi 12 oyda aholining daromadlari oshishi kutilmoqda. Aniqrog`i, respondentlarning 65 foizi daromadi ko`payishini ma`lum qilgan. Daromadi o`zgarishsiz qolishi yoki kamayishi kutilayotganlar ulushi so`rovda qatnashganlarning 20 foizini tashkil etgan.
Agar o`tgan yili aholi ishlab topgan mablag`ining asosiy qismi davolanish, uy-joyni ta`mirlash, ta`lim va boshqa maqsadlar uchun sarflangan bo`lsa, kelgusi oylarda ular o`rnini uzoq muddatli katta xaridlar tashkil etadi. Masalan, ko`pchilik uy-joy, avtomobil, mebel sotib olishlari mumkin. Shuningdek, turarjoylarni ta`mirlash, ta`limga yo`naltirilayotgan mablag`lar miqdori ko`payishi, turizmdagi cheklovlar bekor qilinishi tufayli esa aholining sayru sayohat rejalari qayta tiklanishi ehtimoli yuqori.
Bularning bari iste`molchilar o`rtasida o`tkazilgan so`rovlar natijasida qilingan prognozlar, xolos. Ammo aholining iste`mol kayfiyati va indeksi milliy darajadagi iqtisodiy muloqotning eng muhim qismiga aylanganki, shuning uchun ekspertlar aholining fikrlari aniq va har tomonlama real holatga mos keladi, deb baholaydi. Shuning uchun biz ham yaxshi niyat bilan aholining iste`mol kayfiyati ko`tarinki va ijobiy bo`lishiga, xarid qobiliyati ortishiga umid qilib qolamiz.






