O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo`mitasining kengaytirilgan yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda deputatlar Hisob palatasining 2015 yildagi faoliyati to`g`risidagi hisobotni ko`rib chiqdilar.
Taqdim etilgan axborotga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksiga muvofiq, Davlat byudjetining 2014 yilgi ijrosi to`g`risidagi hisobot tashqi audit va baholashdan o`tkazilgan, 2016 yilga mo`ljallangan soliq va byudjet siyosatining asosiy yo`nalishlari hamda Davlat byudjeti loyihasining ekspertizasi amalga oshirilgan. Hisob palatasi tomonidan Davlat byudjetining respublika va hududlar darajasida shakllantirilishi va ijro etilishi ustidan nazorat tashkil etilgan, shuningdek byudjet mablag`larining qonun doirasida maqsadli yo`naltirilishi va samarali sarflanishi ustidan tekshirishlar olib borilgan.
Yig`ilish ishtirokchilari Hisob palatasining hisobotini chuqur muhokama qilgan holda byudjet mablag`larini qonuniy, maqsadli va samarali sarflanishi ustidan bir qator vazirlik, idora va tashkilotlarda o`tkazilgan nazorat tadbirlariga alohida e`tibor qaratdilar. Jumladan, 30 ta yo`nalishdagi 90 ta tashkilotlarda o`tkazilgan nazorat-tekshirish tadbirlari yakuniga ko`ra, berilgan takliflar asosida Hisob palatasi tomonidan 2015 yilda amaldagi bir qator qonun va qonunosti hujjatlariga o`zgartirishlar kiritildi hamda uslubiy qo`llanmalar tayyorlandi.
O`tgan yili Hisob palatasining 2014 yildagi faoliyati to`g`risidagi hisobotini ko`rib chiqishda, Hisob palatasining hududlarda o`tkazilgan tekshirishlar natijalarini joylardagi Xalq deputatlari Kengashining sessiyalarida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a`zolari hamda tegishli vazirlik va idoralarning mutasaddi rahbarlari ishtirokida muhokama qilish yuzasidan deputatlarning taklifi samarasi bo`lib o`tgan muhokamalar chog`ida Hisob palatasi tomonidan ta`kidlab o`tildi. Joylarda bo`lib o`tgan muhokamalar chog`ida Hisob palatasi tomonidan aniqlangan kamchiliklar, byudjet intizomini buzish holatlari chuqur tanqid ostiga olinishi bilan birga, ushbu kamchiliklarni kelib chiqish sabablari tahlil qilinib, aloqador vazirlik, idoralar va hokimliklar tomonidan moliyaviy xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha tegishli choralar ko`rilgan.
Yig`ilishda so`zga chiqqanlar kelgusida joylarda huquqni qo`llash amaliyotini yaxshilash hamda nazorat tadbirlari yakuni yuzasidan fikr va takliflar almashinuvi borasida Qonunchilik palatasi va O`zbekiston Respublikasi Hisob palatasining o`zaro samarali hamkorligini yanada oshirish zarurligini e`tirof etdilar.
Hisob palatasining 2015 yildagi faoliyati to`g`risidagi hisoboti muhokamalaridan so`ng, Qo`mita mazkur masalani Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritish yuzasidan tegishli xulosasini qabul qildi.