AsosiyJamiyat

“Amirsoy” tog`-chang`i kurortiga olib boruvchi avtomobil yo`li hududida sodir bo`lgan ko`chki va yo`l yoriqlariga nima sabab bo`lgan? Rasmiylar ma`lumot berdi

'“Amirsoy” tog`-chang`i kurortiga olib boruvchi avtomobil yo`li hududida sodir bo`lgan ko`chki va yo`l yoriqlariga nima sabab bo`lgan? Rasmiylar ma`lumot berdi'ning rasmi

“Amirsoy” tog`-chang`i kurortiga olib boruvchi avtomobil yo`li hududida sodir bo`lgan ko`chki yuzasidan Bo`stonliq tuman hokimligi Axborot xizmati qo`shimcha ma`lumot berdi.

Unga ko`ra, 2021 yilning fevral oyida Bo`stonliq tumanning tog`li hududlarida yog`ingarchiliklar yillik me`yorning 366 foizi miqdorida (304 mm), mart oyida yillik me`yorning 229 foizi miqdorida (275 mm) yog`ingarchilik yog`ishi natijasida mazkur yo`lning 15-21 piketi oraliqlarida yo`l qatnov qismida dastlabki kichik yoriqlar va cho`kishlar paydo bo`la boshlagan.

Joriy yil fevral oyining birinchi va ikkinchi dekadasida harorat birdan isib ketishi, qorning tez erishi, mavjud qor uyumlari ustiga yomg`ir yog`ishi va fevral oyining uchinchi dekadasida qor yog`ib, erning muzlab qolishi oqibatida yog`ingarchilik miqdori ko`payishi hamda er osti suvlarining ko`tarilishi ko`chki hodisalarining faollashishiga olib kelgan.

Bo`stonliq tumani xavfli geologik jarayonlarni kuzatish stansiyasi mutaxassislarining olib borgan kuzatish va o`rganish ishlari natijalariga ko`ra, yo`lning 15-16 piketi hamda 19-21 piketi oraliqlarida harakatdagi ko`chki yoriqlarining uzayish, kengayish, cho`kish, siljish hodisalari faollashgan.

25 mart kuni mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari tomonidan ertalab harakatdagi ko`chkining vizual hajmi - 50000 metr kub, kechga yaqin esa taxminan 100000 metr kub hajm atrofida bo`lgan.

«Amirsoy» tog`-chang`i kurortiga olib boruvchi avtomobil yo`lining 2-3 piketi oraliqlari yo`lning chetki qismlarida 200 metr kub  hajmda tuproq siljishi kuzatilgan. Shuningdek, yo`lning 33-34 piketi oraliqlarida 600 metr kub tuproqning surilishi va siljishi oqibatida temir-beton to`siq devorining qisman shikastlanganligi kuzatilgan.

Hozirda vaziyat to`liq nazorat ostiga olingan bo`lib, 3-4 kunlik kuzatuvlar va yomg`irli kunlardan keyin ko`chki hududida loyiha asosida yo`lni qayta ta`mirlash ishlari olib boriladi. Ta`mirlash ishlari natijasi bo`yicha qo`shimcha ma`lumot beriladi.  

 

    Boshqa yangiliklar