AsosiyJamiyat

Senator Toshkent shahar hokimiga so`rov yubordi

'Senator Toshkent shahar hokimiga so`rov yubordi'ning rasmi

Senat Axborot xizmatining ma`lum qilishicha, “Mening fikrim” veb-portalida besh mingdan ziyod ovozni to`plagan “Tuman va shaharlarda yangi yashil hududlarni yaratish haqida”gi elektron jamoaviy murojaat xat bilan ko`rib chiqish va tegishli qarorni qabul qilish maqsadida xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga kiritilgan.

Oliy Majlis palatalarining Kengashlari qo`shma qarori bilan tasdiqlangan “Mening fikrim” veb-portali orqali elektron jamoaviy murojaatlar berish va ularni ko`rib chiqish tartibi to`g`risidagi nizomga asosan belgilangan miqdorda qo`llab-quvvatlovchi ovoz to`plagan murojaatni ko`rib chiqish va u bo`yicha qaror qabul qilish muddati murojaat vakolatli davlat organiga kelib tushgan paytdan e`tiboran oltmish kundan oshmasligi (mazkur holat bo`yicha 2020 yilning 21 oktyabriga qadar) belgilangan.

Biroq, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasi o`rganganda, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan yuqorida qayd etilgan nizom talablari buzilganligi, mazkur murojaatning ko`rib chiqilganligi va natijasi bo`yicha qabul qilingan qaror veb-portal moderatoriga bugungi kunga qadar taqdim etilmaganligi aniqlandi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasi raisi N. Umarov tomonidan “Mening fikrim” veb-portalida besh mingdan ziyod ovozni to`plagan “Tuman va shaharlarda yangi yashil hududlarni yaratish haqida”gi elektron jamoaviy murojaatning ko`rib chiqilganligi va natijasi bo`yicha qabul qilingan qarorning veb-portal moderatoriga taqdim etilmaganligi yuzasidan Toshkent shahar hokimi J.Artikxodjaevga asoslantirilgan tushuntirish berishni so`rab senator so`rovi yuborildi.

    Boshqa yangiliklar