21 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Urganch shahrida joylashgan «Sahara» klubi yonida bir guruh qizlar sumalak pishirayotgani videosi tarqalgan edi. Keyinchalik videoda aks etgan 6 nafar ayol sud qilindi hamda ularning 3 nafari 15 sutkaga qamaldi. Yana 3 nafari esa yosh bolali bo`lgani sababli eng kam oylik ish haqqining 5 baravari miqdorda jarima to`lash sharti bilan ozod qilindi.
Rost24.uz axborot sayti muxbiri ushbu ayollardan birining dardiga quloq soldi.
" — Xorazmda kamida 20-30 ta tungi klub bor. Ularning har birida 15-20 nafardan biz kabi raqqosalar o`ynaydi, faqat biz emas raqqosalik qilayotgan.
Men mana shu sud va OAVdagi sharmandalikdan so`ng ko`chada qoldim. 4 yildan beri ikki xonali uyda ijarada yashar edim. Uyga kir yuvish mashinasi, kondisioner va qimmat gilamlar harid qilganman. Shunga qaramay video tarqab ketgach, mana ijarachi meni ko`chaga haydab yubordi. Ish joyimdan ham haydaldim.
Milisionerlar qistovi bilan 1 500 000 so`mga raqqosalik uchun guvohnoma sotib olgan edim. Lekin, endi ish joyimga qayta olishmayapti. Otam mendan yuz o`girdi. Bugun o`ta tushkun ahvoldaman. Endi qanday kun ko`raman", – deydi ayol.
Uning aytishicha, ota-onasi 15 yoshida turmushga uzatishgan. Na hunari, na ma`lumoti bo`lgan 9-sinfni bitirgan qiz eri bilan olti yil yashab, ikki farzandli bo`ladi. Keyin uni turmush o`rtog`i tashlab ketadi.
" – Hech kim menga o`shanda yordam bermagan. Hozir 26 yoshdaman. Erim uchinchi bor uylangan. Farzandlarim sobiq erim - otasi bilan yashaydi. Men ham ular bilan uchrashib turaman.
Kreditga uy olayotgan edim. So`nggi bor mart oyiga to`lov qildim. Endi ishsiz qolib kreditlarimni qanday qoplashni ham bilmay qoldim. Hech kim yordam berayotgani yo`q. Men doim o`zimni-o`zim eplab kelganman. Shu vaqtgacha hech kim menga yordam bermagan. O`zim yiqilib, o`zim turganman. Birovga zarar qilmaganman, birovning oilasini buzmaganman. Nonsiz qolgan kunlarimda ham hech kim menga yordam bermagan. Videoimizni ijtimoiy tarmoqqa joylagan qiz sabab, mana bugun ko`chada yana ishsiz, uysiz qoldim."
Ishsiz, joysiz, bo`yinida bir tonna kredit qarzi bilan qolgan ayol endi kunini fohishalik bilan o`tkazishini aytgan.
Biz qanday ota-onalarmizki, qizlarimizni balog`atga etkazmasdan olov ichiga otamiz? Biz qanday ermizki, oilamizga qalqon bo`lolmaymiz? Biz qanday otamizki, jar yoqasida osilib turgan ojiza qizimizdan yuz o`girib, uni chuqurlikka itarib yuboramiz? Biz qanday elmizki, qilmishiga pushaymon bo`lganlarni ham kechirolmaymiz?
Sizningcha, tungi klub egasi ayollarning bu kabi nomaqbul hatti-harakatlaridan bexabar edimi? Uyini ijraga bergan xonadon egasi, bu ayollarni nima bilan shug`ullanishini bilmas edimi? Bilishardi. Xabordor edilar. Lekin hamma sharmandalikning bir uchi o`ziga kelib taqalishidan himoyalash bilan ovvora.
Jar yoqasida turgan singlimizga maslahatim bu gal yana yiqiladigan bo`lib turmang. Vaziyatdan chiqishning halol yo`lini tanlang. To`g`ri yo`lning mashaqqatlari ko`p bo`ladi. Chadasangiz oxirida mukofotini albatta olasiz. Farzandlaringiz oldida yuzingiz yorug` bo`ladi.






