1

Giyohvand moddalar savdosi bilan shug`ullangan jinoiy guruh fosh etildi

Jinoyat 22.02.2016, 16:56
Giyohvand moddalar savdosi bilan shug`ullangan jinoiy guruh fosh etildi

Gohida taqdir taqozosi bilan etti yot begonlaraning ham yo`li bir nuqtada kesishadi. Biroq bizning qahramonlarimiz – xorazmlik Yorqinbek Rahimov bilan toshkentlik Nozimjon Dadamuhamedovni taqdir emas, noqonuniy yo`l bilan ko`p va xo`b boylik ortirish orzusi uchrashtirdi, desak, mubolag`a bo`lmas.

Yaxshi otga bir qamchi...

Allaqachon qirqni urib qo`ygan bu “sheriklar” shu paytgacha jamiyatda o`z o`rni topolmagan kishilar toifasidan. Garchi oliy ma`lumot egasi bo`lsalarda o`z sohalari bo`yicha biror erda qoyillatib ishlab qo`yishmagan. Tirikchilikni o`tkazish uchun duch kelgan ish, ko`pincha noquniy ishlar bilan shug`ullanib kelishgan. Shu bois,  Yo.Raximov ham, N.Dadamuxamedov ham bir martadan qora kursiga o`tirishga ulgurishgan. Biroq, bundan ulartegishli xulosa chiqarishsa qaniydi? Ular bu gal yana xatarli va tuban ishga – giyohvand moddalarning noqonuniy savdosiga qo`l urishdi. 

Tilla evaziga og`u 

Dadamuhamedov bilan yaqin aloqada bo`lib kelgan Rahimov yozning ajoyib kunlaridan birida sherigiga agar o`xshab qolsa, mo`maygina “soqqa” kelitirish mumkin bo`lgan bir taklifni bildiradi. Gap shundaki, uning bir tanishi naq 3,5 kilogram miqdoridagi oltin tangalarni arzon bahoga sotmoqchi ekan. Faqat bir shart ham bor edi: oltinning egasi giyohvandlikka berilgan bo`lib, “chegirma” evaziga uni o`sha “zahri qotil” bilan “sug`orib turish” kerak edi. Yaxshigina foyda isini sezgan Nozimjon tezgina ishga kirishdi: ertasigayoq allaqaerdan 25 gramm qoradori topib keldi va sherigidan bir million so`m undirib ketdi. 

Bo`ynida illati borning oyog`i qaltirar

Yo.Raximov, o`z navbatida “og`u” to`la xaltachani qo`liga olib, uni ikki qismga bo`ldi va uni so`ragan odamga topshirish uchun  “Do`mbirobod” quroilish materiallari bozoriga yo`l oldi.  Yorqinbekning shubhali hatti-harakati, bejo qarashlari bozorda maxsus tadbir o`tkazayotgan huquq-tartibot idoralari vakillarining e`tiborini tortdi. Yo.Raximovni hujjatlarini tekshirishi uchun to`xtatishganda, uning yonida xolislar guvohligida  kichkina xaltachaga solingan 12 gramm qoradori moddasi topildi. Yorqinbek tergov jarayonida Olimjoln Ergashev deb tilga olgan “xaridor” esa, voqea joyidan yashirishga ulgurgandi. 

Uzoq cho`zilmagan “uzlat”

Qoradorining qolgan qismi Rahimovning kvartirasidan – gilamning tagidan topildi. Surishtiruv davomida ushbu giyohvand moddani Yorqinbek Nozimjon Dadamuhamedovdan olgani, uni O.Ergashevga topshirb, evaziga tilla tangalar olmoqchi bo`lganini tan oldi. 

“Jiddiy ish” oldidan biroz ko`ngil yozishga qaror qilgan N.Dadamehamedov bu paytda tog` qo`ynida yurgandi. Sherigining qamoqqa olinganini eshitgan Nozimning o`takasi yorildi va ma`lum muddat huquq-tartibot idoralari nazaroidan yiroqroqda bo`lishga ahd qildi. Ammo, buzoqning qochgani somonxonagacha deganlaridek, bu “uzlat” uzoqqa bormadi – u ko`p o`tmay qamoqqa olindi. 

So`nggi pushaymon

Sud jarayonida har ikki jinoyatchi o`z aybini tan oldi va qilgan ishlaridan pushaymonlik bildirishdi. Sud hukmiga binoan, Yorkinbek Raximov umrining yana 10 yilini,  Nozimjon Dadamuxamedov esa, 12 yilini panjara ortida o`tkazadigan bo`ldi. Shu tariqa ma`lum muddat ularning oilasi tirgaksiz, farzandlari ota mehridan mosuvo qoladigan bo`ldi. 

Xayolini mo`may daromad ortirish ilinji band etib, nafs ortidan yugurgan bu kimsalar shu tariqa o`z hayotlarini ham, yaqinlarining taqdirini izdan chiqarishdi...

Azamat Nosirov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1