O`zbekistonda nodavlat tibbiyot muassasalariga ham koronavirus infeksiyasiga qarshi pulli emlashni amalga oshirishiga ruxsat beriladi. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a`zosi Nurmat Otabekov “O`zbekiston 24”ga bergan intervyusida ma`lum qildi.
“Kasallik xavfli bo`lganlar ro`yxatiga kiritilmagan kishilar uchun pullik emlash rejali emlash majburiyati bo`lmagan nodavlat emlash punktlari va tibbiyot muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. Tabiiyki, har bir holatda sanitariya-epidemiologiya ta`minoti xizmatining hududiy markazlari tomonidan tashkilotlarning vaksinasiya qilish talablariga qay darajada javob berishini inobatga olgan holda maxsus ruxsatnoma beriladi”, — degan Nurmat Otabekov.
Nurmat Otabekov birinchi navbatda koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashgan muassasalar, tez tibbiy yordam, shoshilinch tibbiy yordam tizimi, yuqumli kasalliklar shifoxonasi, koronavirusga laboratoriya tashxisi bilan shug`ullanadigan xodimlar va ambulatoriya, poliklinika xizmati xodimlari emlanishini eslatib o`tgan.
Eslatib o`tamiz, O`zbekistonda ommaviy emlash tadbirlari 1 apreldan boshlanadi.