Avvalroq, Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori, Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo`ldosheva 8 sentyabr kuni hibsga olingani, keyinroq, ish sudga oshirilgani haqida xabar bergan edik.
Oliy sudning xabar berishicha, 5 aprel kuni jinoyat ishlari bo`yicha Chirchiq shahar sudida sudlanuvchilar Guljahon Yuldashova (1975 yilda Samarqand viloyatida tug`ilgan, muqaddam sudlanmagan, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori), Shihnazar Ro`zmetov (1990 yilda Xorazm viloyatida tug`ilgan, muqaddam sudlanmagan, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokori), Jaxongir Ziyadullaev (1986 yilda Toshkent viloyatida tug`ilgan, muqaddam sudlanmagan, Toshkent viloyati ko`p tarmoqli tibbiyot markazi shifokori), Alisher Dadamatov (1990 yilda Toshkent viloyatida tug`ilgan, muqaddam sudlanmagan, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh hisobchisi) va Janar Akimova (1977 yilda Toshkent viloyatida tug`ilgan, muqaddam sudlanmagan, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh hisobchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchisi, iqtisodchisi) ga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga etdi va sud hukmi e`lon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo`yicha Chirchiq shahar sudi raisi S. Avlakulov raisligida ko`rib chiqildi.
E`lon qilingan sud hukmiga ko`ra, G. Yuldashova Jinoyat kodeksining 25,167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan reabilitasiya qilinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “a”, “b”, “v”, “g” bandlari, 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Sh. Ro`zmetov Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o`z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismi hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a”, “b” bandlari va 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
J. Ziyadullaev Jinoyat kodeksining 228-moddasi 3-qismi bilan reabilitasiya qilinib, Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi va 28,228-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
A. Dadamatov Jinoyat kodeksining 25,167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan reabilitasiya qilinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “b”, “v”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
J. Akimova Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “b”, “v”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, oylik ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Shuningdek, jinoyat natijasida etkazilgan moddiy zararni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish belgilandi.
Ushbu jinoiy ish bo`yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.
Mavzuga doir:
Tezkor: Guljahon Yo`ldosheva hibsdan ozod etildi
Akmal Burhonov Toshkent viloyati bosh infeksionisti ishi bo`yicha munosabat bildirdi






