Avvalroq, 7 aprel kuni Namanganning "Navbahor" va Toshkentning "Paxtakor" jamoalari o`rtasida uchrashuv bo`lib o`tgani va unda uchrashuv hakami tomonidan belgilangan "penalti" muxlislarning noroziligiga sabab bo`lgani haqida xabar bergan edik.
O`zbekiston superligasining 5-turi doirasidagi ushbu uchrashuvi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo`ldi. O`zbekiston futbol assosiasiyasi Tartib-intizom qo`mitasining navbatdagi yig`ilishida ushbu masala ko`rib chiqildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabar berdi.
Qo`mitaga taqdim etilgan ma`lumotlar, dalillar hamda videoyozuvlar natijasida uchrashuv davomida har ikki jamoaning ayrim rasmiy shaxslari texnik zonani bir necha marotaba tark etib, bosh hakamga qo`pol tarzda e`tiroz bildirgani, uchrashuvning 90-daqiqasida bosh hakam VAR (Video Assistent Referee) monitoridan foydalanishi vaqtida uning ish faoliyatiga halal berilgani aniqlandi. Qolaversa, uchrashuv so`ngida «Navbahor» futbol klubi muxlislari uchrashuv rasmiy shaxslarini noma`qul so`zlar bilan haqorat qilishgani, shuningdek, ular tomonidan maydonga turli buyumlar uloqtirilgani, O`zMTRKga tegishli ko`chma televizion stansiyaga hujum qilingani va unga jiddiy zarar etkazilgani ma`lum bo`ldi.
Mavjud dalillar va ko`rsatmalar atroflicha o`rganib chiqilib, «Navbahor» – «Paxtakor» uchrashuvi vaqtida “Navbahor lochinlari” futbol klubi ishqibozlarining muxlislik madaniyatidan chetga chiqib, stadionga turli buyumlarni uloqtirgani, stadion va unga yondosh hududlarda tartibsizliklar keltirib chiqargani, jamoa rasmiy shaxslari tomonidan stadionda tartibsizliklar kelib chiqishiga sabab bo`lgan nojo`ya xatti-harakatlar sodir etilgani sababli O`zbekiston futbol assosiasiyasi Intizom kodeksining 5.4., 5.9-bandlariga muvofiq “Navbahor lochinlari” futbol klubiga nisbatan navbatdagi ikkita uy uchrashuvini tomoshabinlarsiz o`tkazish intizom chorasi qo`llanildi.
Shuningdek, “Navbahor lochinlari” futbol klubi Texnik direktori Mustafo Bayramov, darvozabonlar murabbiyi Pavel Sinelnikov stadionda tartibsizliklar kelib chiqishiga sabab bo`lgan nojo`ya xatti-harakatlar sodir etgani, jamoa ma`muri Abdurauf G`ulomov uchrashuv yakunida raqib jamoa futbolchilari maydonni tark etayotgan vaqtda noprofessional tarzda ularni juda qo`pol so`zlar bilan haqorat qilgani uchun ularga nisbatan futbol klubi tomonidan ichki intizom chorasini qo`llash to`g`risida “Navbahor lochinlari” futbol klubiga yozma taqdimnoma kiritildi.
O`z o`rnida, uchrashuv vaqtida «Paxtakor» futbol klubi rasmiy shaxslari tomonidan texnik zonani bir necha bor tark etib, stadionda tartibsizliklar kelib chiqishiga sabab bo`lgan nojo`ya xatti-harakatlari sodir etilgani, jamoa rasmiylari va ayrim futbolchilari uchrashuv bosh hakamini bir necha marta noma`qul so`zlar bilan haqorat qilgani uchun «Paxtakor» futbol klubiga nisbatan O`zbekiston futbol assosiasiyasi Intizom kodeksining 5.4-bandiga muvofiq jarima intizom chorasi qo`llanildi, deyiladi O`FA matbuot xizmati xabarida.






