AsosiyJamiyat

Kesib tashlangan 47 tup daraxtga Qarshi hokimligi izoh berdi

'Kesib tashlangan 47 tup daraxtga Qarshi hokimligi izoh berdi'ning rasmi

Avvalroq, Qarshi shahar hokimligi tomonidan 47 tup daraxt kesib tashlangani haqida xabar bergan edik. 

Ijtimoiy tarmoqlarda chiqqan ushbu xabarga Qarshi shahar hokimligi  rasmiy munosabat berdi:  

"Ijtimoiy tarmoqlarda berilgan “Qarshi shahar hokimligi tomonidan 47 tup daraxt kesib tashlangani aniqlandi” sarlavhali xabarlar bo`yicha quyidagilarni ma`lum qilamiz.

Xabarlarda Qarshi shahar hokimligi tomonidan 47 tup daraxt kesib tashlangani aniqlandi, deb qayd etilgan. Aslida Qarshi shahar Xontepa MFY Loyihachilar ko`chasidagi eski oziq-ovqat ombori hududidagi har xil turdagi ko`p yillik daraxtlar shahar hokimligi tomonidan emas fuqaro R.D. ning o`zi tomonidan kesib olingan.

Qashqadaryo viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan berilgan xabarda daraxtlar Qarshi shahar hokimligining 25.01.2021 yildagi 05/01-25-sonli daraxtlarni kesish uchun berilgan ruxsatnomasi asosida qo`porib tashlanganligi qayd etilgan.

Biroq O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi PF-6155-sonli “2017-2021-yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo`llab quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to`g`risida”gi Farmoni 24-bandi “b”-qismiga asosan “Respublika hududida davlat o`rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini kesilishiga joriy etilgan maratoriyning amal qilish muddati 2021 yilning 31 dekabriga qadar uzaytirilishi munosabati bilan Qarshi shahar hokimligining 2021 yil 25 yanvardagi 05/01-25-sonli daraxtlarni kesish uchun berilgan ruxsatnomasi hech qanday vakolatga ega bo`lmay, buning uchun tegishli idoralardan maxsus ruxsatnoma talab etilgan.  

Shu boisdan fuqaro R.D 2021 yil 19 fevralda daraxtlarni kesishga ruxsat berishni so`rab YaIDX portali orqali murojaat qilgan. Unga javoban Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan holat o`rganilib, daraxtlarni kesishga rad javobi berilgan.  

Fuqaro Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi maxsus ruxsatisiz daraxtlarni kesish mumkin emasligini bilgan holda 47 to`p daraxtni tag qismidan kesib tashlagan. Ya`ni, fuqaro bu ishni tegishli vakolatli idoralar maxsus ruxsatisiz va ishtirokisiz o`zboshimchalik bilan amalga oshirgan".  

Boshqa yangiliklar