Samarqand viloyati Urgut tumanida mas`ullar tomonidan “Tersak” turizm qishlog`ini tashkil etish bo`yicha mahalliy aholi vakillari bilan uchrashuv o`tkazildi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar berdi.
Bu boradagi ishlar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi PF-5781-sonli Farmoni ijrosi yo`lida amalga oshirilmoqda. Uchrashuvda viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti direktori Dilshod Narzikulov hamda Xalq deputatlari Urgut tuman kengashi deputati Q.Xasanovlar tomonidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.
Bunda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 5048-sonli qarori yuzasidan olib borilishi rejalashtirilgan ishlar hamda turizm qishlog`i, turizm xizmat ko`rsatish obektlari, mehmon uylari va hunarmandchilik ustaxonalarini tashkil etishga doir qo`yiladigan zarur talablar, hukumat tomonidan belgilangan turli imtiyozlar to`g`riisida batafsil ma`lumot berildi.
Viloyatga tashrif buyuradigan mehmonlarga xizmat ko`rsatuvchi etno, agro, eko, tog` turizmi hamda madaniy-tarixiy va mahorat darslari obektlarini tashkil etish yuzasidan hudud aholisi salohiyati etarli ekanligi borasida so`z yuritildi. Uchrashuvlarda mutasaddi tashkilot vakillari tomonidan 40 ga yaqin xonadon sohiblarining kredit, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, davlat xizmatlaridan foydalanish, soliq, yo`l infratuzilmasini yaxshilash, elektr-energiya hamda mobil aloqa sifatini yaxshilashga doir muammo va takliflari yuzasidan birgalikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Urgut tumanining Qoratepa suv ombori hududida tashabbuskor tomonidan tashkil etilayotgan loyiha qiymati 2 mln. dollar miqdoridagi turizm rekreasion zonasida mehmonlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida kempinglar qurish ishlari boshlangani hamda belgilangan muddatlarda ishga tushirilishi ta`kidlab o`tildi.