AsosiyJamiyat

Toshkentda vafot etganlarning pensiya pullarini o`zlashtirib yuborgan mansabdorlarga chora ko`rildi

'Toshkentda vafot etganlarning pensiya pullarini o`zlashtirib yuborgan mansabdorlarga chora ko`rildi'ning rasmi

Toshkentda 142 nafar vafot etganlarning pensiya pullarini o`zlashtirib yuborgan mansabdorlarga chora ko`rildi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko`ra, pensiya jamg`armasi Piskent tuman bo`limining xodimi M.Sh. va AT Xalq banki kassiri H.U. hujjatlarni qalbakilashtirish yo`li bilan 142 nafar vafot etgan fuqarolarning pensiya pullarini o`zlashtirgan.

Aniqlanishicha, pensiya jamg`armasi xodimi M.Sh. 2018–2019 yillarda to`lov qaydnomalariga vafot etgan pensionerlarning nomini kiritgan va hujjatlarni to`lov uchun AT Xalq banki Piskent filialiga taqdim etgan. AT Xalq banki kassiri vafot etgan fuqarolar nomidan o`zi imzo chekkan. Mansabdor shaxslar jami 85 785 569 so`m talon-toroj qilgan. Shuningdek, xodimlar 2018–2019 yillarda jami 33 nafar vafot etgan fuqarolarning nomiga yozilgan 20 636 256 so`m pensiya pullarini o`zlashtirgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, sud bo`lib o`tgan. Xalq banki kassiri sudda qaydnomadagi pensionerlar vafot etganini tergov paytida bilganini aytgan.

Ta`kidlanishicha, M.Sh.ga nisbatan 29 million so`m miqdorida jarima jazosi va tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil ikki yil muddatga mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik bilan bog`liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, sud H.U.ga nisbatan jazo tayinlashda, etkazilgan zararning to`liq qoplaganini hisobga olib, Jinoyat kodeksining 45-moddasini (Muayyan huquqdan mahrum qilish) qo`llab, ikki yil muddatga mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik bilan bog`liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etish va 27 875 000 so`m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar