AsosiyJamiyat

Kuchaytirilgan karantin nazorati davrida diniy marosimlarni o`tkazish tartibi ma`lum qilindi

'Kuchaytirilgan karantin nazorati davrida diniy marosimlarni o`tkazish tartibi ma`lum qilindi'ning rasmi

️Joriy yilning 17 aprel kuni Din ishlari bo`yicha qo`mita raisi S.Toshboev hamda O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U. Alimov boshchiligida Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar vaToshkent shahar vakillari hamda tuman va shahar bosh imom-xatiblari ishtirokida videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda Din ishlari bo`yicha qo`mita axborot xizmati xabar berdi.

Unda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri boshchiligida o`tkazilgan Maxsus komissiyaning navbatdagi yig`ilishida ko`tarilgan masalalar va belgilangan vazifalar kun tartibidan joy oldi.

️Videomuloqotda so`nggi kunlarda epidemiologik vaziyat yomonlashgani, shu bois, diniy soha xodimlari, imom-xatiblardan mas`uliyatni yanada oshirish,masjidlarda o`tkazilayotgan taroveh, xatmi Qur`on ibodatlarida karantin qoidalariga to`liq amal qilish lozimligi ta`kidlandi.

Videomuloqotda Din ishlari bo`yicha qo`mita raisi Sodiq Toshboev muborak Ramazon oyida taroveh namozlarini ochiq hududlarda (ochiq ayvonlar, masjid hovlisi,masjidga tutash ichki ko`chalar) ado etish, sanitariya qoidalari va karantin talablariga to`liq rioya etish hamda iftorliklarni imkon qadar oila davrasida yoki ishtirokchilar soni cheklangan holda, ixcham, ortiqcha dabdaba va isrofgarchiliksiz o`tkazish, bu borada imom-xatiblar mas`uliyatini yanada oshirish borasidagi muhim ko`rsatma va tavsiyalarni aytib o`tdi.

️Shuningdek, aholi salomatligini asrab-avaylash maqsadida juma va taroveh namozlarini amalga oshirishda 65 va undan katta yoshdagi fuqarolar, yosh bolalar hamda surunkali kasalligi mavjud shaxslar ibodatlarni uy sharoitida amalga oshirishlari bo`yicha tushuntirish ishlarini olib borish, har bir namozxon masjid ichida va namoz davomida tibbiy niqob taqqan holda bo`lishi va masjidga kirishda dezinfeksiya vositasidan foydalanishi, bino xonalarini har kunlik dezinfeksiya qilish, kirish-chiqish joylarini pirometrlar (kontaktsiz harorat o`lchagich), antiseptik vositalar bilan jihozlash kabi muhim jihatlar ham alohida qayd etildi.

️O`z navbatida, murakkab epidemiologik vaziyatni e`tiborga olib, O`zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan boshqa diniy konfessiyalarga mansub diniy tashkilotlar ham jamoaviy ibodatlarni yuqoridagi tavsiyalar asosida amalga oshirish choralarini ko`rishlari alohida ta`kidlandi.  

Boshqa yangiliklar