2021 yilning 12 aprel kuni soat 17:30 larda noma`lum shaxs Samarqand shahri Mustaqillik mahallasida joylashgan “Marmar” bozorini oldida fuqaro 31 yoshli X.Ozodaga tegishli “Lasetti” rusumli avtomashinaning qarovsiz holda qoldirilganligidan foydalanib, o`rindiqda turgan 10 000 AQSh dollarini yashirin ravishda o`g`irlab hodisa joyidan yashiringan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti ma`lum qildi.
Olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari davomida, ushbu jinoyatni muqaddam sudlangan 26 yoshli J.Farrux sodir etganligi aniqlanib, undan 2 200 AQSh dollar pul mablag`lari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo`yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan J.Farruxga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi (O`g`rilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Tergov harakatlari davomida, jabrlanuvchi X.Ozoda avtomashinasining old o`rindig`ida o`ziga tegishli 10 000 AQSh dollar pullarini qo`yib, avtomashinasining eshigini ochiq qoldirib, tanishlari bilan suhbatlashib turgan vaqtida ushbu jinoyat sodir qilinganligi aniqlandi.






