O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan aholini uy-joylar bilan ta`minlash, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari ajratishning yangi tartibini keng joriy etish, shuningdek, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj oilalarni ijtimoiy va moliyaviy qo`llab-quvvatlash doirasida amalga oshirayotgan tadbirlar yuzasidan keng jamoatchilikka ma`lumotlar etkazilishini ta`minlash maqsadida O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi tomonidan “Yoshlar ijod saroyi”da “Ochiq muloqot” o`tkazilmoqda.
"Aholini uy-joylar bilan ta`minlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati" mavzuidagi tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, ommavi axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda. Tadbirni O`zEOAVMA Bosh direktori Jaloliddin Safoev kirish so`zi bilan ochib berdi.
Ta`kidlash o`rinliki, joriy yilda respublikamizda 54 ming oilalarni uy-joy bilan ta`minlash uchun davlat Ipoteka dasturi doirasida jami 45 mingta yoki o`tgan yilga nisbatan 2 baravar ko`p uy qurish va aholiga yangi tartibdagi ipoteka kreditlarini ajratish rejalashtirilgan.
Bu borada tegishli vazifalarni amalga oshirish yuzasidan davlatimiz rahbari tomonidan bir qancha farmonlar va Vazirlar Mahkamasining qarorlari belgilab qo`yilgan.
Xususan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka kredit mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoniga ko`ra Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan daromadi yuqori bo`lmagan hamda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo`lgan aholi uchun ipoteka krediti bo`yicha boshlang`ich badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2020 yil 25 martda “Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya to`lash tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qilingan.
Tadbirda tegishli rahbarlar va mutaxassislarning ushbu masalalar yuzasidan ma`lumotlar berishi, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarishi kutilmoqda.






