1

Bir insonning dahshatli kasallikka chalinishiga sababchi bo`lgan erkakka hukm o`qildi

Jinoyat 20.04.2021, 11:54
Bir insonning dahshatli kasallikka chalinishiga sababchi bo`lgan erkakka hukm o`qildi

Bugungi kunda millionlab insonlarning umriga zomin bo`layotgan, tinch oilalarni parokanda qilayotgan OIV infeksiyasi o`zining ayanchli oqibatlari bilan insoniyatning eng dolzarb muammosi bo`lib qolmoqda. Bu kasallikni yuqtirgan inson Jinoyat kodeksining tegishli moddalari talablari bilan tanishtirilib, ogohlantiriladi. Quyida sizga tanishtirmoqchi bo`lgan qahramonimizga mazkur modda talablari yaxshi tanish bo`lsa-da, unga rioya qilmadi, balki boshqa bir insonning dahshatli kasallikka chalinishiga sababchi bo`ldi...

Ogohlantirilganiga qaramay...

Aliev Ixtiyor (ism-shariflar o`zgartirilgan) 2017 yil Toshkent shahar hokimiyati Sog`liqni saqlash Bosh boshqarmasi, Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazida, OIV infeksiyasi bilan kasallanganligi uchun nazoratga olinadi. U O`zbekiston Respublikasining 1999 yil 19 avgustdagi 816-1-sonli “Odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishining (OIV kasalligining) oldini olish to`g`risida”gi Qonuni va JKning 113-moddasi talablari bilan tanishtirilib, ogohlantiriladi. Ammo Aliev Ixtiyor o`zining OIV kasalligi bilan og`riganini bila turib, buni yashirgan holda, 2020 yil fuqaro Mahmudova Dilnozaga shar`iy nikoh asosida uylanadi. U bilan himoyalanmagan holda jinsiy aloqa qilib, OIV/OITS kasalligini yuqtiradi. OIV infeksiyasi aniqlangan Mahmudova Dilnoza Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazining, 2021 yildagi tibbiy ma`lumotnomasiga asosan dispanser nazoratiga olinadi.

“Kasal emasman, deb o`yladim...”

Sud majlisida sudlanuvchi Aliev Ixtiyor o`z aybiga to`liq iqror bo`lib, quyidagicha ko`rgazma berdi:

– Haqiqatan ham 2017 yil Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazida, OIV infeksiyasi bilan kasallanganligim uchun nazoratga olinganman. O`zbekiston Respublikasining 1999 yil 816-1-sonli “Odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishining (OIV kasalligining) oldini olish to`g`risida”gi Qonuni hamda O`z.R.JKning 113-moddasi talablari bilan tanishtirilib, ogohlantirildim. O`sha paytda sog`lig`imda o`zgarish bo`lmaganligi, o`zimni yaxshi his qilganim sababli, kasal emasman, shifokorlar adashgan bo`lishi mumkin, deb o`yladim. Davolanishga ham bormadim. 2020 yilda Mahmudova Dilnoza bilan tanishib qoldim. Unga kasalligim haqida aytmadim, yashirdim. 2020 yil shar`iy nikoh asosida turmush qurdik. Aslida unga qasddan kasallik yuqtirish niyatim yo`q edi. Birinchi turmush o`rtog`imga kasallik yuqmaganiga Dilonozaga ham yuqmaydi, deb o`ylab, xato qilibman. Hozirda sodir qilgan xatti-harakatlarim oqibatini tushunib etdim. Qilgan ishimdan pushaymonman. Oilaviy sharoitimni, moddiy ahvolimni, qaramog`imda onam, nogiron ukam va singlim borligini inobatga olib, engillik berishingizni so`rayman.

“Erimga nisbatan da`vom yo`q...”

Sud majlisida jabrlanuvchi Mahmudova Dilnoza quyidagilarni ma`lum qildi:

— Men Aliev Ixtiyor bilan shar`iy nikoh asosida turmush qurganman. U hech qachon menga OIVga chalinganini aytmagan. Bu haqda gap ham bo`lmagan.Erim men bilan himoyalanmagan holda jinsiy aloqa qilganligi uchun OIV/OITS kasalligini yuqtirdi. Hozirda turmush o`rtog`im Aliev Ixtiyorga nisbatan hech qanday da`vom yo`q. Unga engillik berishingizni va qamoq bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlashingizni so`rayman.

Ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi

Aliev Ixtiyor Jinoyat kodeksi 113-moddasining 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topildi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 113-moddasi 4-qismi bilan, JKning 57-moddasini qo`llab, 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Zoxiddin Nuriddinov, jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudi sudyasi, 

Lola Shoimova, jurnalist

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1