Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan «Korrupsiyasiz soha» loyihasi doirasida Sog`liqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridi jarayonlari o`rganilganida, «Davlat xaridlari to`g`risida» va «Raqobat to`g`risida»gi Qonunlarning talablari qo`pol ravishda buzilganligi aniqlandi. Bu haqda Agentlik Matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent shahar 1-son yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi xarid komissiyasi tomonidan uskunalarga texnik xulosa taqdim qilish yuzasidan o`tkazilgan tanlovga «Z.S.» MChJning taqdim qilgan hujjatlari ko`rib chiqilmagan hamda taklifi asossiz ravishda rad qilingan.
Shu kabi qonunbuzilish holatlariga, Toshkent shahar 3-sonli klinik shifoxonasi buyurtmachiligidagi 92,4 mln. so`mlik autsorsing xizmatini ko`rsatish bo`yicha o`tkazilgan tanlovda ham ko`rish mumkin.
Buyurtmachi tanlovda talabgorlarga davlat xaridlari shartlarida nazarda tutilmagan talablarni ko`ygani va mazkur shartlar asosida g`olibni aniqlash holatlariga yo`l qo`yilgani ma`lum bo`lgan.
Yuqoridagi har ikkala tanlov qonun talablari buzilgan holda o`tkazilganligi sababli, Agentlik taqdimnomasi asosida bekor qilindi.






