AsosiyJamiyat

Bir yilda ikki marotaba mehnat ta`tiliga chiqsa bo`ladimi?

'Bir yilda ikki marotaba mehnat ta`tiliga chiqsa bo`ladimi?'ning rasmi

"Darakchi" tahririyatiga Toshkent viloyati, Olmaliq shahrida yashovchi fuqaro  F.Ibragimovdan murojaat kelib tushdi:

— II guruh nogironiman. Avtokorxonada rassom bo`lib ishlayman. Bilishimcha, nogironligi borlar bir yilda ikki marotaba mehnat ta`tiliga chiqsa bo`lar ekan. Shu ma`lumot to`g`rimi?

Fuqaroning murojaatiga javob olish maqsadida Fuqarolik ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tumanlararo sudi sudyasi Dilfuza Dadajonova bilan bog`landik...

— Amaldagi mehnat qonunchiligiga asosan nogironlar mehnatini muhofaza qilish maqsadida qo`shimcha chora-tadbirlar belgilangan. Unga ko`ra, I yoki II guruh nogironligi bo`lgan xodimlarga ish haqini kamaytirmagan holda haftasiga 36 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan ish vaqtini belgilash, I yoki II guruh nogironligi bo`lgan xodimlarga 30 kundan kam bo`lmagan muddatga yillik uzaytirilgan mehnat ta`tilini ularning xohishiga ko`ra yozgi yoki boshqa qulay vaqtda berilishi nazarda tutilgan. Ish beruvchi tomonidan I yoki II guruh nogironligi bo`lgan xodimlarga, ularning xohishiga ko`ra yilda bir marotaba 14 kungacha ish haqi saqlanmagan holda, ya`ni o`z hisobidan ta`til berilishi lozim. Shuni ta`kidlash joizki, ijtimoiy kafolat sifatida korxonaning ichki hujjatlariga asosan, nogironlarga 30 kundan ortiq muddatga yillik qo`shimcha mehnat ta`tili berilishi mumkin.

Sadoqat ALLABERGANOVA 

    Boshqa yangiliklar