Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O`zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamovga «Mamlakatning eksport salohiyatini oshirish uchun transport-logistika tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati to`g`risida»gi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining parlament so`rovi yuborildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan O`zbekiston va Tojikiston o`rtasida havo qatnovi va «G`alaba – Amuzang – Xushadi» temir yo`li qayta tiklandi. Amudaryo orqali o`tadigan «Turkmanobod – Farob» yangi temir yo`l va avtomobil ko`priklari ochildi. Ushbu ko`priklar «O`zbekiston - Turkmaniston - Eron – Ummon Sultonligi» transport-tranzit yo`nalishining muhim bo`g`ini hisoblanadi.
Afg`onistondagi «Xayraton – Mozori Sharif» yo`nalishi ushbu mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga katta hissa qo`shmoqda. Afg`oniston bilan transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda transafg`on yo`lagi doirasida yangi temir yo`llarini barpo etish istiqbolda Markaziy Osiyoning
eng qisqa yo`llar orqali Hind okeaniga chiqishni ta`minlaydi hamda Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyoni Evropa va Xitoy bozorlari bilan bog`laydi.
O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasida avtobus yo`nalishlari ishga tushirildi. Qirg`iziston bilan Markaziy Osiyodan ilk bor to`g`ridan-to`g`ri Xitoyga chiqadigan «Toshkent – Andijon – O`sh – Irkeshtom – Qashg`ar» avtomobil yo`lagi bo`yicha qatnov yo`lga qo`yildi.
«O`zbekiston – Qirg`iziston – Xitoy» temir yo`li qurilishi ham faollashdi. Uning amalga oshirilishi loyiha ishtirokchilari hamda Markaziy Osiyoning boshqa barcha davlatlari va Xitoy o`rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish imkonini beradi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari «Boku – Tbilisi – Kars» transport koridori doirasida ham faol ishtirok etmoqdalar. Ushbu yo`nalish Xitoy va Markaziy Osiyodan Evropaga doimiy ravishda yuk tashishni yo`lga qo`yishga imkon beradi.
Biroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo`mitasi tomonidan mamlakatimizda transport-logistika tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o`rganilganda, sohada erishilayotgan yutuqlar qatorida ayrim muammolar ham borligini ko`rsatmoqda.
Xususan, Jahon bankining «Logistika samaradorligi indeksi»da O`zbekiston 160 ta davlat orasida 99-o`rinda bo`lib, ushbu ko`rsatkich mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirishiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar ushbu masala ustida atroflicha to`xtalib o`tdilar.
Xalq vakillari ta`kidlaganidek, mamlakatimizda transport tuzilmalarining katta qismi monopol korxonalar bo`lgan temir yo`l va havo kompaniyalari hissasiga to`g`ri kelib, ulardagi xizmat ko`rsatish sifatining pastligi va narxlarning balandligi eksport salohiyatini oshirilishga salbiy ta`sir qilmoqda.
Shuningdek, O`zbekiston hududida yuk va yo`lovchi tashishning asosiy qismi avtotransport orqali amalga oshirilib, avtotransport yo`llarning sifatsizligi hamda xalqaro standartlarga javob bermasligi xalqaro tashuvchilarning mamlakat bo`ylab harakatlanishiga salbiy ta`sir o`tkazmoqda.