Joriy yil 20 aprel kuni tushlik vaqtida Xalq ta`limi vazirligi Matbuot kotibi Laylo Rustamova hamkasbi bilan sayr qilib yurgan vaqtida Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Labzak mahallasidan oqib o`tuvchi Anhor kanalida noma`lum erkak jasadi oqib ketayotgani guvohi bo`lgan va darhol bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Bosh prokuratura Matbuot xizmatiga ma`lum qilgan.
Voqea joyiga etib borgan Shayxontohur tumani prokurori rahbarligidagi tezkor tergov gurux tomonidan murdani ko`zdan kechirish jarayonida unda kuch ishlatish xolatlari va tan-jarohatlari aniqlanmagan.
Surishtiruv harakatlari davomida joriy yil 21 aprel kuni qo`l barmoq izlarini tekshirish orqali murdaning shaxsi aniqlangan. Marhumning o`limi sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Holat yuzasidan tergov oldi tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.