AsosiyJamiyat

AOKA «Chegara bilmas muxbirlar» nodavlat tashkiloti e`lon qilgan reytingdan norozi. Unda O`zbekiston matbuot erkinligi bo`yicha 157-o`ringa munosib ko`rilgandi

'AOKA «Chegara bilmas muxbirlar» nodavlat tashkiloti e`lon qilgan reytingdan norozi. Unda O`zbekiston matbuot erkinligi bo`yicha  157-o`ringa munosib ko`rilgandi'ning rasmi

«Chegara bilmas muxbirlar» nodavlat tashkiloti e`lon qilgan matbuot erkinligi reytingida O`zbekiston 157-o`rinda qayd etildi. Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi reyting bo`yicha rasmiy munosabat berdi:

Tashkilot tomonidan yurtimizda axborot sohasini rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar to`laqonli o`z aksini topmagani va munosib baholanmagan.

Mamlakatimizda so`z va matbuot erkinligi, ochiqlik — davlat siyosatining ustuvor yo`nalishi etib belgilangan. Jurnalist va blogerlar huquqlari qonun doirasida himoya qilinayotgani, axborot xizmatlari va davlat tuzilmalarining matbuotdagi tanqidlarga konstruktiv javob qaytarayotgani natijasida aholining xabardorlik darajasi oshib bormoqda.

Murakkab pandemiya sharoitida O`zbekistonda OAV, ijtimoiy tarmoqlar hamda messenjerlar imkoniyatlaridan samarali foydalanib, media makonda tarqalgan va muhokamalarga sabab bo`lgan har bir ma`lumotga o`z vaqtida rasmiy munosabat, izoh, tushuntirishlar berib borildi. Agentlikda barcha davlat organlari va idoralari bilan birgalikda brifing hamda matbuot anjumanlarini tizimli o`tkazish yo`lga qo`yildi. Aholi o`zini qiziqtirgan savollarga mutasaddilar hamda mutaxassislardan bevosita javob olishni boshladi. Xuddi shunday amaliyot hududlarda ham joriy etildi, maxsus media-rejalar asosida jurnalistlar uchun tadbirlar muntazam o`tkazib borilyapti.  

Bundan tashqari, amaldagi qonun hujjatlariga tegishli o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilib, jinoiy javobgarlik liberallashtirildi. Xususan, tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi bekor qilindi.

Bugun O`zbekistonning yangi ochiqlik va oshkoralik siyosatida axborot sohasidagi bahsli masalalar, tomonlar o`rtasida paydo bo`ladigan har qanday nizoli vaziyatlar mavjud qonunlar, shuningdek, sud tizimi doirasida hal qilinishi yo`lga qo`yildi. Bu borada Agentlik axborot sohasidagi vakolatli organ sifatida ishonchli va xolis axborot tarqatayotgan jurnalistlar, blogerlar, OAV xodimlarining qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga har tomonlama ko`maklashishga tayyor.

"Umid qilamizki, «Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotining keyingi reytinglarida O`zbekistonda axborot erkinligi sohasidagi barcha islohotlar o`z aksini topadi va munosib bahosini oladi",–deya yakunlangan AOKA munosabati.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar