So`nggi paytlarda, avtotransport boshqaruvchilari tomonidan avtobenzin va dizel yonilg`isining sifat ko`rsatkichlarini belgilangan talablarga javob bermasligi to`g`risidagi murojaatlari ko`payganligi kuzatilmoqda.
"O`zbekneftgaz" Matbuot xizmatiga ko`ra, ushbu murojaatlarga sabab bo`layotgan omillarni o`rganish maqsadida “O`zbekneftgaz” AJning mutaxassislari tomonidan Sirdaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi ayrim xususiy AYoQShlarda va neft bazalarga qarashli bo`lgan AYoQShlarda aholiga sotilayotgan avtobenzin va dizel yonilg`ilaridan mart-aprel oylarida amaldagi me`yoriy hujjatlar talablariga binoan namunalar olingan.
Olingan namunalar “Buxoro” neftni qayta ishlash zavodining akkreditasiyadan o`tgan kimyo-nazorat laboratoriyasida tahlildan o`tkazilgan.
Tahlil natijalariga ko`ra, afsuski, AYoQShlarda sotilayotgan avtobenzin va dizel yonilg`isi sifat ko`rsatkichlari amaldagi me`yoriy hujjatlar bilan belgilab berilgan ko`rsatkichlardan farq qilinishi, ya`ni sifat ko`rsatkichlari talabga javob bermasligi aniqlangan.
Aniqlangan sifatsiz avtobenzin va dizel yonilg`isi mahsulotlari import asosida olib kelinayotgan neft mahsulotlari jumlasiga kirganligini, ma`lumot tariqasida mutasaddi tashkilotlar va iste`molchilar e`tiboriga havola qilishni “O`zbekneftgaz” AJ maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.
Ma`lum qilinishicha, “Buxoro” neftni qayta ishlash zavodi tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtobenzin va dizel yonilg`ilari iste`molchilarga, shu jumladan, aholi ehtiyojlari uchun neft bazalari hamda xususiy avtomobillarga yonilg`i quyish shoxobchalari (AYoQSh) orqali sifat ko`rsatkichlari amaldagi davlat andozalari talablariga mos ravishda etkazib berilmoqda.






