Taftish.uz veb-sayti muxbirlari N. A. hamda H. S. faoliyatlari davomida davlat bayrog`i foniga “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi Taftish.uz axborot agentligi” yozuvlari kiritilgan №003 va №007 sonli guvohnomalardan foydalanishgan.
Ma`lum qilinishicha, 2021 yil 21 aprel kuni veb-sayt bosh muharriri G`. A. Agentlikka taklif qilindi va ushbu holat yuzasidan suhbat o`tkazildi.
G`.A. suhbat davomida Taftish.uz veb-sayti muxbirlariga guvohnomani shaxsan o`zi berganligi, ushbu shakldagi guvohnomalarni tayyorlash va rasmiylashtirish jarayonida hech qanday g`arazli maqsad ko`zlamagani, xususan Agentlik nomi va davlat bayrog`ini guvohnomada aks ettirish qonunga zid va javobgarlikka olib kelishi mumkin ekanidan bexabar ekani hamda bu ishidan pushaymonligini ta`kidlab o`tdi.
Agentlik xodimlari tomonidan G`.A. xizmat guvohnomalarini tayyorlashda davlat ramzlari fonida o`zi foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan soxta (noto`g`ri) ma`lumotlar kiritish, uning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish amaldagi qonunchilik talablariga zid ekani tushuntirilib, bu kabi harakatlar jinoiy javobgarlikka tortilishiga asos bo`lishi mumkinligi haqida rasman ogohlantirildi.
Veb-sayt bosh muharriri xodimlarga berilgan guvohnomalar qisqa muddat ichida yo`q qilinishini bildirdi.
Ma`lumot o`rnida, avvalroq Buxoro va Andijon viloyatlarida soxta guvohnoma bilan o`zlarini Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi xodimi sifatida tanishtirib, ta`magirlik qilgan shaxslar aniqlangan edi.