Angren shahar IIBga 25 yoshli T.Feruza ariza bilan murojaat qilib, unda tanishi 22 yoshli T.Sardorbek 2021 yilning aprel oyining boshlaridan buyon uning uchun sir saqlanishi lozim bo`lgan nojo`ya ko`rinishdagi suratlarini sobiq turmush o`rtog`iga “Telegram messenger” orqali yubormasligi evaziga 300 AQSh dollar talab qilib, u ushbu pullarni bera olmaganidan so`ng uning suratlarini “Telegram messenger” ijtimoiy tarmog`ida tarqatib yuborganligini ma`lum qilgan. Bu haqda Tergov departamenti xabar bermoqda.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, T.Sardorbek T.Feruzadan tovlamachilik yo`li bilan pul talab qilgan sms yozishmalari borligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Angren shahar IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan T.Sardorbekka nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.