2021 yilning 3 may kuni soat 16:00larda 32 yoshli M.Qobil Namangan viloyati Davlatobod tumani Navbahor mahallasida yashovchi tanishi T.Shuhratning uyiga kelgan vaqtida, u erda bo`lgan 31 yoshli N.Islom bilan og`zaki tortishib qolib, janjal vaqtida uning qorin qismiga oshxona pichog`i bilan bir marotaba urib jarohat etkazgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti ma`lum qildi.
Natijada N.Islom “gemoperitoneum post gemorragik shok-1-2 darajasi” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Davlatobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo`linmasi tomonidan M.Qobilga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “l” bandi (qasddan badanga og`ir shikast etkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Ma`lum qilinishicha, hozirda jinoyatning kelib chiqish sabablari o`rganilmoqda.
Ta`kidlanishicha, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko`ra, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.






