Navoiy viloyatida giyohvandlik moddalarni sotish bilan shug`ullangan jinoiy sheriklarning faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda IIV JQBB Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasi ma`lum qildi.
DXX Navoiy viloyati bo`yicha boshqarmasi va Navoiy viloyati IIB JQB xodimlari tomonidan 2021 yilning 28 aprel kuni Navoiy shahri va Karmana tumanida o`tkazilgan “Nazorat ostida olish” tadbiri davomida giyohvand savdosi bilan bog`liq jinoyat ochiqlandi.
Ma`lum bo`lishicha, Navoiy shahar I.Karimov ko`chasida yashovchi, 1974 y.t. muqaddam Jinoyat kodeksning 169-moddasi bilan sudlangan, fuqaro G.Dning yonlari xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilgan vaqtda, egnida bo`lgan ko`k rangli nimchasining old chap cho`ntagidan 2 dona “Spichki” yozuvli gugurt qutilariga solingan, og`irligi 13.49 gramm bo`lgan “marixuana” giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib hujjatlashtirilib olingan. Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida, xonadonida 6 dona qog`ozlarga o`ralgan og`irligi 7,33 gramm bo`lgan “marixuana” giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, hujjatlashtirilib olingan.
Fuqaro G.D. ushbu giyohvandlik moddasini tanishi, Karmana tumani “Qahramon” mahallasida yashovchi, 1972 y.t., fuqaro R.O`dan sotib olganligini ma`lum qilgan.
Bundan tashqari G.D. Navoiy viloyati IIB boshlig`i nomiga ariza bilan murojaat etib, R.O`ning jinoiy xatti-harakatlariga chek quyilishida yordam bermoqchiligini bildirgan, G.Dning arizasi asosida o`tkazilgan “Nazorat ostida olish” tezkor-qidiruv tadbiri davomida, fuqaro R.O`. “Shartli xaridor” G.Dga jami 1.000.000 so`m miqdoridagi pullarga 2 dona “Spichki” yozuvli gugurt qutilariga solingan, og`irligi 12,47 gramm bo`lgan “marixuana” giyohvandlik moddasini sotgan vaqtida ushlanib, daliliy ashyolar hujjatlashtirilib olingan.
U bilan olib borilgan surishtiruv ishlari davomida, o`z xonadonida mavjud bo`lgan 4 dona “Spichki” yozuvli gugurt qutilariga solingan, og`irligi 24,36 gramm bo`lgan “marixuana” giyohvandlik moddasini o`z ixtiyori bilan topshirgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






