Ota va qizning umriga zomin bo`lgan halokat
Inson umri qosh va qabog` orasidagi masofadan ham qisqa deydi, ko`pni ko`rganlar. Bir uyum temir-tersakka aylangan mashinadan faqatgina nom qolgan xolos. Qaraganda etni junjiktiradigan manzaradan, mashina ichida bo`lgan yo`lovchilarning ahvoli ko`proq kishini qayg`uga soladi.
Joriy yilning 4 may kuni soat 06.20 lar chamasida Qarshi-Beshkent-Kasbi-Koson avtomobil yo`lining 16 kilometrida ayanchli yo`l-transport hodisasi sodir bo`ldi.
"Mazkur yo`l transport hodisasida haydovchi, 1992 yilda tug`ilgan M.U. voqea joyida, uning voyaga etmagan qizi, ya`ni, 2016 yilda tug`ilgan F.F. olgan og`ir tan jarohatlari tufayli shifoxonada vafot etgan. Bundan tashqari mashina salonida bo`lgan haydovchining turmush o`rtog`i I.U. va o`g`li Z.F. turli darajadagi og`ir tan jaroxatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan", – deydi Qashqadaryo viloyat IIB YHXB axborot guruhi rahbari Javlon Baxtiev.
Haydovchi hali 30 ga ham kirmagan. Vafot etgan qizaloq esa endigina 5 yoshni qarshilagan. Ayol va o`g`lining bunday ko`rinishdagi halokatdan omon qolishi esa bir mo``jiza edi.
Haydovchi yashagan mahallada mazkur yo`l transport hodisasi yuzasidan o`tkazilgan muhokama yig`ilishida achchiq gaplar ham bo`ldi. Inson o`limiga sabab bo`layotgan bunday hodisalarni keltirib chiqarayotgan omillar hayotiy misollar bilan tushuntirildi. Odamlarning ham bu boradagi fikrlariga quloq tutildi. O`sha mudhish kunga guvoh yo`lda esa mashinalar hamon o`z manzili tomon oshiqmoqda. Ko`ngilsiz voqeani esa halokatdan qolgan mashina siniqlari eslatmasa, deyarli hech narsa bo`lmagandek.
Sh.AMINOV, Darakchi.uz uchun maxsus






