AsosiyJinoyat

Toshkentda yo`lovchi talashishning oqibati jinoyat bilan yakunlandi

'Toshkentda yo`lovchi talashishning oqibati jinoyat bilan yakunlandi'ning rasmi

Poytaxtdan viloyatga yo`lovchi sifatida otlansangiz, avtobekatda qator turgan taksi haydovchilari xuddi o`ljasiga tashlangan bo`ri kabi sizni o`z mashinasi tomon sudraydi. Bu hamma uchun juda tanish holat. Ular yo`lovchiga egalik qilish uchun hech nimadan tap tortishmaydi, hatto yoqa bo`g`ishishdan ham... Quyidagi jinoyatning sodir bo`lishiga ham aynan shu holat sababchi bo`ldi...

Yo`lovchi talashishdi

Sudlanuvchi Qobilov Ibrohim (ism-shariflar o`zgartirilgan) Toshkent-Andijon yo`nalishida norasmiy ravishda “Neksiya-3” rusumli avtomashinada yo`lovchi tashish faoliyati bilan shug`ullanib kelgan. Bektemir tumanining Toshkent halqa aylanma yo`li ko`chasida joylashgan Andijon viloyatiga qatnovchi avtoturargohida, Toshkent-Andijon yo`nalishida norasmiy ravishda yo`lovchi tashish faoliyati bilan shug`ullanuvchi Abdurahmonov Tolibjon bilan oralarida odamlarni yo`lovchi sifatida olish zamirida kelishmovchilik yuzaga keladi. Oqibatda...

Qo`liga pichoq oldi

Abdurahmonov Tolibjon uni o`zaro gaplashib olish uchun avtoturargoh ichkari qismidagi odamlardan holi joyga olib chiqib, qo`li bilan yuziga urganligi sababli Qobilov Ibrohim muvozanatini yo`qotib, erga yiqilgan vaqtida, voqea joyiga etib kelgan fuqarolar ularni ajratib qo`yishadi. Shundan so`ng, Qobilov Ibrohimning bo`lib o`tgan voqeadan jahli chiqib, Abdurahmonov Tolibjonni qasddan o`ldirish maqsadida, avtoturargohda turgan, boshqaruvida bo`lgan “Neksiya-3” rusumli avtomashinasi haydovchi o`rindig`i tagida saqlab kelgan oshxona pichog`ini oladi.  Pichoqni shimining bel qismiga qistirgan holda berkitib, avtoturargoh kirish darvozasi oldida turgan Abdurahmonov Tolibjonning orqasidan etib borib, oshxona pichog`i bilan uning yuziga, boshiga bir necha marotaba urib, tan jarohatlari etkazadi. Abdurahmonov Tolibjon undan qochib, avtoturargoh ichkari qismiga yugurib ketadi. 

Nazoratchilar ushlab qolishdi

Qobilov Ibrohim uning ortidan quvlaydi. Abdurahmonov Tolibjon qochish jarayonida “Qo`lidan pichog`ini olinglar”, deb baqiradi. Lekin vajohat bilan yugurib kelayotgan Qobilov Ibrohimning qo`lidan pichog`ini olishga hech kim jur`at qilolmaydi. Tolibjon darvoza oldida turgan nazoratchi Bahromga uni Qobilov Ibrohim pichoqlaganligini aytgancha, yana ikkinchi darvozadan ichkariga qarab, yugurib ketayotganida, o`sha erdagi nazoratchilar uni ushlab qolishadi. Voqea joyida bo`lgan fuqarolarning aralashuvi bilan Qobilov Ibrohim jinoiy harakatlarini o`ziga bog`liq bo`lmagan holga ko`ra oxiriga etkaza olmaydi.Shundan keyin Tolibjon boshidagi shapkani labiga bosib, erga o`tirib qoladi. O`sha erdagi tanishlaridan biri uni avtomashinasida shifoxonaga olib boradi, shifokorlar unga tibbiy yordam ko`rsatishadi.Sud tibbiyot ekspertizasi Tolibjon Abdurahmonovning tanasida “chap ko`z orbitasi medial devorining yopiq sinishi, bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, o`ng ko`z oqsil qavatiga qon quyilishi, o`ng ko`z pastki qovog`i sohasi qon talashi, chap o`z orbitasi sohasi, o`ng quloq oldi burun o`ng tomoni yuqori lab sohalari kesilgan tan jarohatlari mavjudligi, ushbu jarohatlar etkazilgan vaqtda hayot uchun xavfli bo`lmagan o`rtacha og`ir tan jarohatlari turkumiga kirishi to`g`risidagi xulosa berdi.

Jazo tayinlandi

Qobilov Ibrohim Jinoyat kodeksining  25,97-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo`llab, 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyalarda o`tattirilishi belgilandi. 

Manfaatdor tomonlarga ushbu jinoyat oqibatida etkazilgan moddiy va ma`naviy zararlarni undirish masalasi yuzasidan fuqarolik ishlari bo`yicha tegishli tumanlararo sudiga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.

Akmal MIRZAXONOV, jinoyat ishlari bo`yicha Bektemir tuman sudi sudyasi,

Lola ShOIMOVA, jurnalist

    Boshqa yangiliklar