AsosiyJinoyat

Odam savdosi bilan shug`ullangan nafsiga qul ayolga hukm o`qildi

'Odam savdosi bilan shug`ullangan nafsiga qul ayolga hukm o`qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 26-moddasida “Hech kim qiynoqqa solinishi, zo`ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas”, deb belgilab qo`yilgan. Ammo oramizda o`z nafsining quliga aylangan, moddiy manfaat ko`rish yo`lida hatto fohishalikdan, odam savdosidan ham qaytmaydigan insonlar ham borligi achinarli holdir... 

Jinoiiy til biriktirdi

Sudlanuvchi Gulmira Asadova (ismi-shariflar o`zgartirilgan) dastlabki tergov davrida shaxsini aniqlashning imkoni bo`lmagan, hozirda Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida yashovchi «Komila» ismli shaxs bilan qonunga xilof ravishda moddiy manfaat ko`rishni ko`zlab, odam sotish va undan shahvoniy maqsadlarda foydalanish uchun oldindan jinoiy til biriktiradi. Ular bir guruhga birlashib, reja tuzishadi, jinoyatdagi rollarini taqsimlab olishadi. Rejaga ko`ra, Gulmira Asadova respublikamiz hududida istiqomat qiluvchi engil tabiatli, fohishalik qilishga moyil ayollarni izlab topib, ularni BAAda fohishalik bilan shug`ullanishga qiziqtirishi, ushbu ayollarning shaxsiga oid hujjatlarini suratga olib, internetning «Whatsapp» ijtimoiy tarmog`i orqali «Komila»ga yuborishi lozim edi. Nomzodlar unga ma`qul kelgach, “Komila” tomonidan yo`l xarajatlari uchun yuborilgan pul mablag`larini qabul qilib, kerakli joylarga yo`naltirish vazifasini ham o`z zimmasiga oldi.

“Tungi klublardan birida tanishib qoldim...”

Sudlanuvchi Gulmira Asadova o`z aybiga to`liq iqror bo`lib, sud majlisida quyidagilarni bildirdi:

­- 2018 yilning avgust oyida Olmaliq shahrida yashovchi “Maftuna” ismli qiz bilan Toshkent shahrida joylashgan tungi klublardan birida tanishib qoldim. O`zaro suhbat davomida Maftuna muqaddam BAAning Dubay shahrida bo`lganini va u erda fohishalik qilib, pul ishlab kelganligini aytdi. “Maftuna” orqali men ham “Komila” ismli ayolning moddiy yordami bilan BAAning Dubay shahriga bordim. Komilaning uyida turib, fohishalik qilib pul topdim. Dastlab “Komila”ning menga aviachipta va viza uchun qilgan xarajatlarini qoplab berdim. Keyin shu uyda turganim uchun 500 AQSh dollari ijara haqi to`ladim. 2018 yilning 9 sentyabr kuni Dubay shahriga uchib ketib, shu tariqa 2018 yil dekabr oyiga qadar fohishalik bilan shug`ullandim. Taxminan 1500 AQSh dollari orttirib dekabr oyining oxirida O`zbekistonga qaytib keldim. 2020 yilning 20 fevralida farzandim dunyoga keldi. Biroq oradan bir oy o`tmasdan karantin e`lon qilinib, aviaqatnovlar to`xtatildi. Shu sababli Dubayga qayta olmadim. 2020 yilning avgust oyidan boshlab, Toshkent shahridagi saunalarda fohishalik qila boshladim. Shu erda “Farida” ismli qiz bilan tanishib qoldim. Unga Dubayda yaxshi pul topganligimni aytdim. “Farida” sharoiti og`irligini Dubayga borib, pul ishlab kelishda yordam berishimni iltimos qildi. Men “Komila” bilan gaplashib, “Farida”ning suratlarini tashlab berdim. “Farida”ga Dubayga borishi uchun hamma xarajatlarni “Komila” to`lab berishini, bunga 1500 AQSh dollari ketishini, borgandan keyin unga yana qo`shimcha ravishda 2000 AQSh dollari berishi lozimligini tushuntirdim.

2020 yil noyabr oyida “Komila” menga pochta orqali aviachipta uchun 700 AQSh dollari yubordi. “Farida” bilan chipta olish uchun aviakassaga bordik. Bu erda 11 noyabr kuniga Dubayga uchish uchun 700 AQSh dollaridan 4.700.000 so`m pulga “Farida”ning nomiga aviachipta sotib oldik. Ortib qolgan 200 AQSh dollaridan 100 AQSh dollari va 150.000 so`m pulni “Farida”ga berdim. Qolgan 150.000 so`m pul va 100 AQSh dollarini o`zimga oldim. 2020 yilning 11 noyabr kuni vaqtinchalik yashayotgan xonadonimga fuqarolik kiyimidagi o`zlarini IIO xodimlari, deb tanishtirgan shaxclar kelishdi. Meni Bektemir tumani IIO FMBga olib ketishdi. Hozirda qilgan ishimdan pushaymonman, voyaga etmagan farzandim borligini inobatga olib, menga engillik berishingizni so`rayman.

Hukm o`qildi

Gulmira Asadova JKning 135-moddasi 2-qismi “e” bandi bilan aybli, deb topildi va unga shu moddaga asosan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. JKning 72-moddasiga asosan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 3 yil sinov muddati belgilandi.

Farhod Abdushukurov, jinoyat ishlari bo`yicha Bektemir tuman sudi sudyasi. 

Lola Shoimova, jurnalist

    Boshqa yangiliklar